Misrning «Sada al-Balad» axborot agentligi veb-saytida O‘zbekistonning suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha siyosatiga bag‘ishlangan maqola joylashtirildi.
«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini jadal rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda, - deyiladi maqolada. - Bu esa, o‘z navbatida, respublikaning suvga bo‘lgan ehtiyojining ham keskin ortishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, global iqlim o‘zgarishlari, aholi soni o‘sib borayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kuzatilayotgan jadal rivojlanish va ulardagi suvga bo‘lgan talab o‘sishi tufayli O‘zbekistonda suv resurslari taqchilligi yildan-yilga ortib bormoqda».
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan respublikada suvdan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, suvdan foydalanishni bevosita yoki havza (hududiy) boshqarmalari orqali tartibga soluvchi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
«Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasini yanada takomillashtirish, yuzaga kelayotgan yangi tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida sohada bir qator institusional va me’yoriy-huquqiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda», - deb yozgan agentlik. - Natijada, mamlakatda barcha yerusti suv ob’ektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishi hamda suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda».
Materialda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish va shu orqali kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr energiyasi iste’molini kamaytirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida boshqarish nazarda tutilgani ta’kidlangan. Mazkur strategiyaning 34-maqsadida esa respublika aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shahar va 155 ta tumanlar markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash belgilangan.
«Umuman olganda, O‘zbekistonda suv xavfsizligini ta’minlash nafaqat ichki islohotlarni, balki Markaziy Osiyo davlatlarining mushtarak sa’y-harakatini talab qiladi. O‘zbekiston ushbu sohada milliy qonunchilikni takomillashtirish, mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surish, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali faollik ko‘rsatmoqda», - deb yozgan «Sada al-Balad».