BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida 28–30 iyul kunlari Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish va ikki davlatli yechim masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Ushbu yuqori darajadagi anjumanga Fransiya va Saudiya Arabistonining BMTdagi doimiy vakilliklari hamraislik qiladi va barcha BMT a’zo davlatlariga rasmiy taklifnomalar yuborilgan.
«Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish va ikki davlat asosidagi yechimni muhokama qilishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya 28–30 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi», — deyiladi yuborilgan rasmiy maktubda.
Bu konferensiya BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan va avvalroq 17–20 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eronga qilingan harbiy hujum sababli anjuman keyingi muddatga ko‘chirilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, anjumanda xalqaro hamjamiyatning mas’uliyati, tinchlik jarayonlari va mustaqil Falastin davlatini tashkil etish masalalari markaziy o‘rinda bo‘ladi.