2025 yil davomida yirik xalqaro turnirlarda qo‘lga kiritilgan mukofot pullari bo‘yicha eng ko‘p daromad topgan shaxmatchilar ro‘yxatini e’lon qilindi. Bu haqda “Chess.com” nashri xabar berdi. Mazkur ro‘yxatdan ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi ham joy oldi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov 2025-yilda 16 ta turnirda ishtirok etib, jami 361 ming 811 dollar mukofot puli jamg‘argan. Shaxmatchining yil davomida olgan eng katta bir martalik mukofoti 85 000 dollarni tashkil etgan. Sportchi ro‘yxatning 10-pog‘onasidan joy oldi.
Javohir Sindorov esa 11 ta turnirda qatnashib, jami 349 ming 955 dollar mukofot puli bilan kuchli o‘ntalikdan joy oldi. Uning eng katta bir martalik yutug‘i 120 000 dollar bo‘lib, bu mablag‘ FIDE Jahon kubogidagi g‘alaba evaziga qo‘lga kiritilgan.
Dunyoning birinchi raqamli grossmeysteri Magnus Karlsen 2025 yil davomida eng ko‘p mukofot qo‘lga kiritgan shaxmatchiga aylandi. U yil davomida 16 ta turnirda ishtirok etib, jami 1 million 455 ming dollar mukofot qo‘lga kiritgan. Ikkinchi pog‘onadan Fabiano Karuana joy oldi (889 ming 598 dollar). Kuchli uchlikni esa 751 ming 881 dollar bilan Levon Aronian yakunlagan.

Ma’lumot uchun, dekabr oyi yakunlariga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov 2750 ochko bilan FIDE reytingida 12-o‘rinni egallab turibdi. Javohir Sindorov esa 2729 ochko bilan 21-pog‘onani band etgan.