"O‘tgan yili deyarli 292 ming kishi Germaniya fuqaroligini oldi. Bu tarixiy rekord bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 46 foizga ko‘p", deya xabar bermoqda Germaniya Federal statistika boshqarmasi.
DW ma’lumotlariga ko‘ra, nemis pasportini olganlar orasida eng ko‘p ulush Suriya fuqarolariga tegishli, ya’ni umumiy miqdorning chorak qismidan ortig‘i (83 mingga yaqin) mazkur mamlakat vakillaridir. Kuchli beshlikdan Turkiyadan kelganlar (8 foiz), shuningdek, Iroq (5 foiz), Rossiya (4 foiz) va Afg‘oniston (3 foiz) fuqarolari joy olgan.
Qayd etilishicha, Germaniya pasportini olgan rossiyaliklar soni bir yil ichida olti baravardan ko‘proqqa, 2000 kishidan deyarli 13 ming kishigacha oshgan.
Bu rekord o‘tgan yilning iyun oyidagi fuqarolik to‘g‘risidagi qonun islohoti bilan izohlanadi. Hozirda Germaniyada sakkiz yil o‘rniga besh yil yashagan shaxs fuqarolikni olishi, shuningdek, avvalgi fuqarolikdan voz kechmasligi mumkin.