2024 yili 20 millionga yaqin chaqaloq difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi emlashdan chetda qolgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ma’lum qildi, deb xabar beradi BMTning rasmiy sayti.
JSST va YUNISEF e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14,3 million bola umuman birorta ham vaksina dozasini olmagan.
Shu bilan birga, o‘tgan yili butun dunyo bo‘yicha chaqaloqlarning 89 foizi — taxminan 115 million bola — difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi kamida bir doza emlama olgan, 85 foizi — taxminan 109 million bola — ushbu kasalliklarga qarshi to‘liq, uch dozalik kursni yakunlagan.
Bolalarni emlashga bo‘lgan talab yuqori bo‘lishiga qaramay, so‘nggi baholar xavotirli tendensiyalarni ko‘rsatmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar turli sabablarga ko‘ra emlanmayapti — tibbiy xizmatlarning cheklanganligi, vaksina yetkazib berishdagi uzilishlar, mojarolar, beqarorlik va dezinformasiya.
“Tashqi yordamning keskin kamayishi va vaksinalar xavfsizligi haqidagi yolg‘on ma’lumotlar yillar davomida erishilgan yutuqlarga tahdid solmoqda. JSST hamkorlari bilan birgalikda mamlakatlarga mahalliy yechimlar topish va ichki sarmoyalarni oshirishda yordam berishda davom etadi”, — dedi JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.
Dunyodagi har to‘rt chaqaloqdan biri beqarorlik, mojaro yoki favqulodda vaziyatlar kuzatilayotgan 26 mamlakatda yashaydi. Vaksina olmagan bolalarning yarmi aynan shu mamlakatlarda yashaydi. Ular soni 2019 yilda 3,6 million bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 5,4 millionga yetgan. Bu esa emlashni gumanitar dasturlarga majburiy ravishda qo‘shish zarurligini ko‘rsatadi.
“Kamayib borayotgan byudjetlar, zaif sog‘liqni saqlash tizimlari, mojarolar sonining ortishi va dezinformasiya — orqaga chekinish xavfining belgisidir. Vaziyat o‘zgarmoqda va millionlab bolalarni oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoya qilish uchun hoziroq chora ko‘rish lozim”, — dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.