Bugun 3 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

19 yoshli Hamza "Barselona" tarixiga kirdi

19 yoshli Hamza "Barselona" tarixiga kirdi

"Barselona" hujumchisi Hamza Abdelkarim La Liganing "Rayo Valyekano"ga qarshi 3-tur uchrashuvida asosiy jamoa safida debyut qildi.

Shu tariqa, u "Barselona"ning kattalar jamoasi uchun rasmiy o‘yinda maydonga tushgan tarixdagi birinchi misrlik futbolchiga aylandi.

Bu voqea yosh hujumchining faoliyatida muhim bosqich bo‘lishi bilan birga, Misr futboli uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Futbolchining otasi Muhammad Abdelkarim bu lahzani oilasi uchun katta sharaf deb atadi.

"Hamzaning "Barselona" asosiy jamoasida rasmiy o‘yin o‘tkazgan birinchi misrlik futbolchiga aylanishi u va butun oilamiz uchun katta sharaf. U dunyoning eng yirik klublaridan birida Misr sharafini himoya qilayotganidan faxrlanamiz", — dedi u.

Muhammad Abdelkarim o‘g‘lining "Barselona"dagi yo‘li haqida ham gapirib, asosiy jamoaga yetib kelishni orzuning yakuni emas, balki yanada qiyin bosqichning boshlanishi deb hisoblashini ta’kidladi.

"U raqobat oson bo‘lmasligini juda yaxshi bilardi. Uning maqsadi har kuni rivojlanish va buyuk futbolchilar bilan birga bo‘lishdan maksimal foyda olish edi", — dedi futbolchining otasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamza katta mehnat qildi va murabbiylar shtabiga o‘zini isbotlay oldi. Asosiy jamoadagi imkoniyat esa uning rivojlanishi uchun munosib mukofot bo‘ldi.

"Men unga doimo aytaman: asosiy jamoaga chiqish — orzuning yakuni emas. Bu yanada ko‘proq mehnat, diqqat va sabr talab qiladigan yangi bosqichning boshlanishi", — dedi Muhammad Abdelkarim.

Endi futbolchining oilasi Hamza bosimga berilmasdan, o‘z rivojlanishini davom ettirishi va "Barselona" asosiy jamoasidagi o‘rni uchun kurashishini istamoqda.

Kiritildi: 23:37 02.09.2026. O'qildi: 478 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!