Bugun 11 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

1 noyabrdan 15 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi

1 noyabrdan 15 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi

Turkiyada bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga doir yangi cheklovlar joriy etilmoqda. Mamlakatning rasmiy gazetasida e’lon qilingan yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalari 15 yoshga to‘lmagan bolalarga xizmat ko‘rsata olmaydi.

Turkiya Prezidenti huzuridagi Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan tayyorlangan hujjat 2026 yil 10 oktyabrdagi Resmî Gazete nashrida chop etildi. Yangi qoidalar 1 noyabrdan kuchga kiradi.

Nizom Turkiyadan foydalanish mumkin bo‘lgan mahalliy va xorijiy ijtimoiy tarmoqlarga tatbiq etiladi. Platformalar yangi hisob ochilayotganda foydalanuvchining yoshini tekshirishi shart bo‘ladi.

Agar foydalanuvchining 15 yoshga to‘lmagani aniqlansa, unga yangi akkaunt ochishga ruxsat berilmaydi. Avvaldan mavjud hisoblar ham tekshiriladi. Ularning yoshini tasdiqlash jarayoni 2027 yil 31 martga qadar yakunlanishi kerak. 15 yoshga to‘lmagan bolalarning mavjud akkauntlari esa yopiladi.

15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi mumkin, ammo ular uchun maxsus cheklangan rejim amal qiladi. Bunday akkauntlar avtomatik ravishda yopiq — shaxsiy akkaunt holatida bo‘ladi. Ular orqali jonli efir ochish va foydalanuvchining xulq-atvori asosida shaxsiylashtirilgan reklama ko‘rsatishga ruxsat berilmaydi.

Nizomda bolalarni platformalarda uzoq vaqt ushlab turuvchi ayrim mexanizmlarga ham cheklov kiritilgan. Xususan, «cheksiz skrolling» — kontentni to‘xtovsiz pastga surib ko‘rish va avtomatik tarzda ketma-ket kontent chiqarish funksiyalari 15–17 yoshli foydalanuvchilarga taklif etilmasligi kerak.

Platformalar ota-onalar uchun ham nazorat vositalarini taqdim etishi shart. Ular orqali bolaning akkaunt sozlamalarini nazorat qilish, ijtimoiy tarmoqda o‘tkazadigan vaqtini cheklash va pullik operasiyalarga ruxsat berish yoki ularni taqiqlash mumkin bo‘ladi.

Kiritildi: 23:58 10.10.2026. O'qildi: 663 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!