Bu haqda Bild nashri kompaniya rahbari Svik Navening so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.
Navening ma’lum qilishicha, talonchilik sodir bo‘lganidan besh kun o‘tib, o‘zini "jinoyatchilar vakili" deb tanishtirgan bir kishi kompaniya bilan bog‘langan va Luvrdan o‘g‘irlangan san’at asarlarini sotib olish masalasini muhokama qilishni taklif qilgan. U javobni 24 soat ichida berishni talab qilgan.
Bundan bir muddat oldin Luvr bilan aloqador noma’lum shaxs CGI Group'ga murojaat qilib, o‘g‘irlangan taqinchoqlarni topishda yordam so‘ragan. Jinoyatchilar vakili o‘zida o‘g‘irlangan buyumlarning kamida bir qismini borligini tasdiqlaganida, kompaniya darhol Fransiya hukumatini xabardor qilgan.
"Afsuski, byurokratik kechikishlar natijasida san’at asarlarining hech bo‘lmaganda bir qismini qaytarib olish imkoniyati boy berildi", — dedi Nave.
19 oktyabr kuni niqob taqqan jinoyatchilar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga tegishli to‘qqizta eksponatni, jumladan Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashgandi. O‘g‘irlik natijasida yetkazilgan zarar 88 million yevro deb baholanmoqda. O‘g‘irlikda gumonlanuvchi sifatida 7 kishi qo‘lga olingan.