Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda maymun chechagi virusining yangi — 1b shtammi bir nechta davlatlarda qayd etilgan. Ular orasida Italiya, Malayziya, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya va AQSh kabi mamlakatlar bor. Eng xavotirli jihati shundaki, virus bu davlatlarda yaqinda sayohat qilmagan fuqarolarda ham aniqlanmoqda.
JSST hisobotida qayd etilishicha, virusning barcha turlari hali ham aylanishda bo‘lib, uni tezda nazorat ostiga olish zarur. Tashkilot ogohlantirishicha: “Agar epidemiya tezda cheklanmasa, tarqalish davom etadi.” Shu bilan birga, 1b shtammi Afrika hududidan tashqarida ham kengaymoqda.
2025 yil sentyabr holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 42 mamlakatda 3135 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. 12 ta o‘lim holati aniqlangan. Kasalliklarning 80 foizidan ortig‘i Afrika mintaqasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi olti hafta ichida 17 ta Afrika davlatida 2862 nafar bemor qayd etilgan bo‘lib, 17 kishi vafot etgan.
Virus turlari ikki xil:
Klad I — asosan Markaziy va Sharqiy Afrikada uchraydi va og‘ir holatlarga sabab bo‘ladi.
Klad II — yengilroq kechadi va 2022 yildagi global epidemiyaga sabab bo‘lgan.
Hozir kuzatilayotgan 1b shtammi yangi va xavfliroq tur hisoblanadi. U ayniqsa Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlarida hamda qo‘shni mamlakatlarda faol tarqalmoqda. Markaziy Afrikada 1a va 1b shtammlari birgalikda uchrasa, Sharqiy Afrikada asosan 1b holatlari qayd etilmoqda.