Bolu shahri Qora dengiz mintaqasining g‘arbida joylashgan bo‘lib, u o‘zining yam-yashil tabiati, betakror o‘rmonlari va o‘ziga xos madaniy yodgorliklari bilan ajralib turadi. U yerda ilk xettlar yashagan. Keyinchalik hudud Frigiya va Lidiya hukmronligi ostiga o‘tgan. So‘ngra bu yerlarda avval Aleksandr Makedonskiy imperiyasi, undan keyin esa Bitiniya qirolligi tashkil topgan.
Bolu shahrida Saljuqiylar, Trabzon Rum imperiyasi va Usmoniylar davlatlari hukmronlik qilgan. Uzoq vaqt Usmoniylar tasarrufida bo‘lgan shahar Turkiya Respublikasi davrida viloyat maqomini olgan.
Tarixiy Bolu uylari
Tarix, tabiat, gastronomiya...Bularning bari Boluda mujassam! Shahar me’morchiligining eng go‘zal namunalarini Mudurnu, Go‘ynuk, Kibrisjik kabi tumanlardagi tarixiy uylarda ko‘rish mumkin. Tarixiy Bolu uylari odatda bir yoki ikki qavatli bo‘lib, naqshinkor shiftlari va mahalliy koshinlar bilan qoplangan tomlari bilan e’tiborni tortadi. Uylarning oldida “Hayot” deb ataladigan hovlilar joylashgan. Bu uylarda Bolu madaniyati, urf-odati va hayot tarzi o‘z aksini topgan.
Boyazid Yildirim masjidi
Bolu shahrining eng tarixiy diqqatga sazovor joylaridan biri — Boyazid Yildirim masjidi bo‘lib, u 1382 yilda Boyazid Yildirim tomonidan qurilgan. Masjid dastlab o‘sha davr me’morchiligi an’analariga mos ravishda yog‘ochdan bunyod etilgan. 1891 yilda yuz bergan dahshatli yong‘indan so‘ng qayta tiklangan, 1999 yilgi zamonaviy restavrasiyadan so‘ng hozirgi ko‘rinishga keltirilgan. Hayratlanarlisi shundaki, bu masjid 700 yillik tarixga guvoh bo‘lgan.
Bolu muzeyi
Bolu muzeyi 1981 yilda ochilgan bo‘lib, unda shahar va uning atroflaridan topilgan qadimiy ashyolar namoyish etiladi. Muzeyda Urartu, Lidiya, Rim va Vizantiya davrlariga oid ko‘plab yodgorliklarni ko‘rish mumkin. 17 mingdan ortiq eksponat saqlanayotgan ushbu muzey — albatta tashrif buyurishga arziydigan tarixiy manzil!
Abant ko‘li va tabiat bog‘i
Abant ko‘li va tabiat parki shahar markazidan taxminan 35 km uzoqlikda joylashgan. Park o‘zining salqin, toza havosi va qarag‘ay o‘rmonlari bilan o‘ralgan ko‘li bilan mashhur. Bu yerda sayr qilish, velosiped ijaraga olish, tabiat qo‘ynida dam olish yoki tabiatning go‘zalliklarini suratlarga muhrlash mumkin. Ushbu betakror muhitda tunashni istovchilar uchun Abant mehmonxonalari ideal tanlovdir.
Etti ko‘l milliy bog‘i
Shahar markazidan taxminan 45 km uzoqlikda joylashgan Yetti ko‘llar milliy bog‘i o‘z nomini yettita ko‘ldan olgan: Seringo‘l, Buyukgo‘l, Nazligo‘l, Deringo‘l, Kuchukgo‘l, Sazligo‘l va Injego‘l.
1965 yilda milliy bog‘ maqomini olgan bu maskan olxa, eman, g‘o‘r, g‘ujum kabi tur xil daraxtlarga boy. Bundan tashqari, bu yerda ko‘plab qushlar va baliqlar yashaydi. Yetti ko‘l — Boluda albatta ko‘rish kerak bo‘lgan eng mashhur tabiiy maskanlardan biri.
Go‘ljuk tabiat bog‘i
Boluning yana bir tabiiy mo‘’jizasi — shahar markazidan atigi 13 km masofada joylashgan Go‘ljuk tabiat bog‘i. Archa va qarag‘ay daraxtlari bilan o‘ralgan bu joy tinchlik va osoyishtalik baxsh etadi. O‘rmon xo‘jaligiga qarashli mehmon uyi — noyob fotosuratlar olish uchun mashhur joy. Bu yerda piyoda sayr qilish, velosiped ijaraga olish mumkin. Go‘ljuk tabiat bog‘iga kirish bepul.
Kartalkaya Chang‘i kurorti
Kartalkaya tog‘-chang‘i kurorti qishki sport ishqibozlarining eng sevimli maskani hisoblanadi. U Korog‘lu tog‘lari tepasiga qurilgan bo‘lib, oppoq qorlari va ko‘zni qamashtiruvchi manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Kurortda qish mavsumi dekabr oyida boshlanib, mart oyigacha davom etadi.
Boluning lazzatli taomlari
Bolu shahri o‘zining turfa mahalliy taomlari va oshpazlari bilan tanilgan. Mengen tumanida yetishgan mohir oshpazlarni bugungi kunda ko‘plab turistik maskanlar va mashhur restoranlarda uchratish mumkin. Shahar, shuningdek, har yili sentyabr oyining birinchi haftasida o‘tkaziladigan pazandachilik festivali bilan ham nom qozongan.
Bolu oshxonasining o‘ziga xos taomlari orasida quyidagilar alohida o‘rin tutadi: abant kabobi, ovmach sho‘rva, mengen palovi, kaldirik do‘lma, pasha palovi, kesh pishloq, ho‘shmerim, qovoqli pankeyk, kartoshkali qishloq noni.