HAMAS o‘tish davrida G‘azodagi xavfsizlikni ta’minlashni o‘z nazoratida saqlab qolmoqchi, ammo to‘liq qurolsizlanishga va’da bermaydi
Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Muhammad Nazzol Reuters nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Qurolsizlanish masalasiga ha yoki yo‘q deb javob bera olmayman. Ochig‘ini aytsam, bu loyihaning mohiyatiga bog‘liq. Siz aytayotgan qurolsizlanish loyihasi nimani anglatadi? Qurollar kimga topshiriladi?", — dedi Nazzol.
Uning aytishicha, muzokaralarning keyingi bosqichida muhokama qilinadigan masalalar: qurollar, xavfsizlik va boshqalar nafaqat HAMAS, balki boshqa falastinlik guruhlarni ham qamrab oladi. Bu masalalarda barcha falastinliklar umumiy pozisiyaga kelishi zarur.
Nazzol, shuningdek, HAMAS garovda tutib turilganlarning jasadlarini saqlab qolishdan manfaatdor emasligini aytdi.
Nazzol o‘tish davridan so‘ng saylovlar o‘tkazilishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vositachilar Tramp rejasida ilgari surilgan G‘azoga xalqaro kuchlarni joylashtirish masalasini guruh bilan muhokama qilmagan.
Shu bilan birga, HAMAS vakili AQSh rasmiylari bilan uchrashuvlarda uzoq muddatli sulhni taklif qilingani va guruh G‘azoni qayta tiklash uchun kamida 3–5 yillik tinchlik davrini xohlashini bildirdi.
"Maqsadimiz kelajakdagi urushga tayyorlanish emas. Xalqimiz mustaqil Falastin davlatini xohlaydi", – deya qo‘shimcha qildi Nazzol.