Pestel instituti bosh iqtisodchisi Mattias Gyunter ta’kidlashicha, “vaziyat yanada keskinlashmoqda”. Unga ko‘ra, uy-joy yetishmasligi mehnat bozoriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: korxonalar ishchilar topishda qiynalmoqda, ko‘plab nemislar esa boshqa shaharga ko‘chishga uy topa olmaslik sababli ish joyini o‘zgartirishdan voz kechishmoqda.
Muammo ayniqsa Myunxenda keskin, u yerda Federal shaharsozlik instituti ma’lumotlariga ko‘ra, har 10 ming nafar aholiga 74 ta kvartira yetishmayapti — bu mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar ko‘p. Myunxendan keyingi o‘rinlarda Berlin, Frankfurt va Gamburg turibdi. Sharqiy Germaniyada esa ijara narxlari nisbatan barqaror saqlanib turibdi, faqat Leypsig va Drezden kabi yirik shaharlar bundan mustasno.
Mutaxassislar uy-joy siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqishga chaqirishmoqda: davlat tomonidan faqat ijtimoiy emas, balki oddiy ijara uylari qurilishini ham keng ko‘lamda moliyalashtirmasdan turib, inqirozni yengish imkoni yo‘q. Sohaning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiridan buyon yangi qurilish loyihalari soni 85% ga kamaygan, yuqori foiz stavkalari va qurilish materiallari narxining oshishi esa bozorni paralich holatiga olib kelmoqda.