Turkiya va Suriya davlati mudofaa vazirlari harbiy hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladilar. Hujjat mudofaa sohasida hamkorlikda malaka oshirish, tajriba va maslahat almashishni nazarda tutadi.
Turkiya Milliy Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotiga ko‘ra, vazir Yashar Guler Suriya Mudofaa vaziri Murhif Abu Kasra, shuningdek, Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad Hasan Shayboniy va razvedka direktori Husayn al-Salama bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama va mintaqaviy xavfsizlikning asosiy masalalari, jumladan, chegarada barqarorlikni mustahkamlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Imzolangan memorandum Anqara va Damashq o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda ikki davlat mintaqadagi siyosiy va harbiy mojarolarning qarama-qarshi tomonlarida bo‘lib kelmoqda. Erishilgan kelishuvlar doirasida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, ofiserlarni o‘qitish uchun almashish, shuningdek, transchegaraviy tahdidlar va terrorizmga qarshi kurash masalalari bo‘yicha muloqotni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar kelishuv imzolanishini ikki davlat o‘rtasidagi yaqinlashuv va Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda. Tomonlar mintaqada barqarorlik va tinchlikni ta’minlash manfaatlari yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.