Bugun 19 avgust, 2025 yil, seshanba

КИР

Isroil falastinliklarni qaysi davlatlarga ko‘chirmoqchi?

Isroil falastinliklarni qaysi davlatlarga ko‘chirmoqchi?

Netanyaxu G‘azo aholisini deportasiya qilish yuzasidan bir qator davlatlar bilan muzokaralar olib borilayotganini tan oldi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil G‘azo urushi natijasida o‘z uyini tark etgan falastinliklarni qabul qilish masalasida bir qator davlatlar bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Ularning G‘azodan ko‘chirilishi Isroilga etnik tozalash va hududni bosib olishni yengillashtirishi kutilmoqda.

CNN’ning yuqori lavozimli isroillik manbasiga ko‘ra, Tel-Aviv quyidagi beshta davlat bilan muzokaralar olib bormoqda:

  • Janubiy Sudan

  • Efiopiya

  • Liviya

  • Indoneziya

  • Somalilend (xalqaro tan olinmagan hudud)

Manbaga ko‘ra, bu davlatlar G‘azo sektoridagi 2 milliondan ortiq odamdan kamida bir qismini qabul qilish evaziga katta miqdorda moliyaviy va xalqaro kompensasiya talab qilmoqda.

Janubiy Sudan rasmiylari allaqachon bu haqdagi muzokaralarni «asosga ega emas» deb rad etdi. Somalilend ham ilgari bu g‘oyani rad etgan edi. O‘tgan haftada Indoneziya 2 ming falastinlikni faqat tibbiy yordam uchun qabul qilishga tayyorligini, biroq sog‘ayganlaridan keyin ularning G‘azoga qaytarilishini aytgan.

Hozircha Isroil olib borayotgan muzokaralar qandaydir rasmiy kelishuvlarga olib keladimi — noma’lum.

Netanyaxu urushdan keyinki G‘azo bo‘yicha to‘liq rejani e’lon qilmagan bo‘lsa-da, bir necha bor falastinliklarni boshqa davlatlarga ko‘chirish tarafdori ekanini aytgan. Bu g‘oya dastlab AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan edi. U G‘azo o‘rnida falastinliklarsiz «Yaqin Sharqiy Rivyera» yaratishni taklif qilgan.

Tramp keyinchalik bu g‘oyadan voz kechganiga qaramay, Isroil rahbarlari hali-hanuz bu reja tarafdori bo‘lib qolmoqda.

Netanyaxu i24 telekanaliga bergan intervyusida bu rejani «majburiy deportasiya emas, balki ularni ketishiga imkoniyat berish» deb atadi. U o‘zini falastin xalqiga g‘amxo‘rlik qiluvchi deb e’lon qilgan mamlakatlarni «eshiklarini ochishga» chaqirdi, Isroilni tanqid qilmaslikni so‘radi.

Ushbu intervyuda Netanyaxu «Buyuk Isroil» g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatladi. Bu bayonotlar Misr, Saudiya Arabistoni va Qatar tomonidan keskin tanqid qilinib, ular bu gaplar Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishini ta’kidlashdi.

Netanyaxuning bu bayonotlari Isroilning G‘azodagi harbiy hujumlarini kuchaytiryotgan bir paytda yangradi. G‘azo shahrida — 1 milliondan ortiq odam yashaydigan hududda — so‘nggi bir sutkada kamida 123 kishi halok bo‘lgan, deya xabar bermoqda sektor sog‘liqni saqlash vazirligi.

Gumanitar tashkilotlar Isroilni zaruriy yordamni bloklab qo‘yishda ayblamoqda. Ochlikdan vafot etganlar soni 200 kishidan oshgan.

Kiritildi: 14:28 16.08.2025. O'qildi: 936 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!