Bu haqda Ukraina prezidenti AQSh yetakchisi bilan bo‘lgan telefon suhbatidan so‘ng Telegram kanalida ma’lum qildi.
"18 avgust kuni AQSh poytaxtiga tashrif buyurib, prezident Tramp bilan “qotilliklarni to‘xtatish, urushni tugatish bo‘yicha barcha tafsilotlarni” muhokama qilamiz. AQSh prezidenti menga Alyaskadagi sammit yakunlari haqida ma’lumot berdi", — deb yozdi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning aytishicha, Tramp bilan uning mazmunli yakkama-yakka suhbati taxminan bir soat davom etgan, so‘ng suhbatga Yevropa yetakchilari ham qo‘shilgan.
"Biz prezident Trampning Ukraina-Amerika-Rossiya uch tomonlama uchrashuvi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Asosiy masalalar davlat rahbarlari darajasida muhokama qilinishi mumkin va bu uchun uch tomonlama format mos keladi", — dedi Ukraina prezidenti.
U, shuningdek, Kiyevning Yevropadagi hamkorlari ham keyingi muzokara jarayonida qatnashishi muhimligini alohida ta’kidladi.