Serbiyada Aleksandr Vuchich hukumati siyosatini tanqid qiluvchi norozilik namoyishlari ketma-ket uchinchi tun davom etmoqda. Aksiyalar 30 dan ortiq shaharda, jumladan Belgrad va Novi-Sadda bo‘lib o‘tmoqda.
📌 Serbiyada ommaviy noroziliklar to‘qqiz oydan beri davom etmoqda. Namoyishchilar Vuchichning iste’fosini va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Novi-Sadda norozilar Vuchichning hukmron SNS (Serbiya Progressiv partiyasi) partiyasiga tegishli ikkita ofisni vayron qilishdi. Belgradda esa, aksincha, Vuchich tarafdorlari oppozisiya tarafdorlarini mushaklar va salyutlar bilan o‘qqa tutgan. Ayrim joylarda axlat qutisiga o‘t qo‘yilgan holatlar ham qayd etilgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 nafar polisiyachi jarohat olgan, 38 nafar namoyishchi esa qo‘lga olingan. Prezident Vuchich televideniye orqali chiqishida yangi hibsga olishlar bo‘lishini aytgan va «ko‘chalarni jinoyatchilardan tozalash»ni va’da berdi. U, shuningdek, Novi-Saddagi norozilarga qarshi polisiyaning harakatini sust deb baholab, ularni tanqid qildi.
Noroziliklarga asosiy sabab 2024 yil 1 noyabr kuni Novi-Saddagi yaqinda ta’mirdan chiqqan vokzal binosi tomi qulashi bo‘ldi. Hodisa natijasida 16 kishi halok bo‘lgan. Mustaqil mutaxassislar va oppozisiya bu fojiani Vuchich hukumatidagi befarqlik va korrupsiya bilan bog‘lamoqda.