Ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish rejalashtirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli qarori loyihasida keltirilishicha, «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi hamda «Kambag‘al oilalar reestri» axborot moduliga kiritilgan oilalar, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqat «Kambag‘al oilalar reestri» axborot moduliga kiritilgan oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining 40 foizini byudjetdan qoplab beriladi.
Bunda ushbu toifa oilalarning farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Bolalar bog‘chasi» maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integrasiyalashuv platformasi orqali shakllantiriladi va «Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish» axborot tizimiga uzatiladi.
Kompensasiya to‘lanadigan ayrim toifadagi oilalar farzandlari ro‘yxati axborot tizimi tomonidan avtomatik ravishda tegishli tartibda aniqlanadi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi 2024 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-1011-son Qonuniga muvofiq qayta taqsimlanadigan mablag‘lar hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlariga subsidiyalar uchun ajratilgan 3,8 trillion so‘m doirasida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Hukumatning 484-son qarori qabul qilingan va unda Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)larning maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 3 yoshgacha bo‘lgan farzand(lar)iga BHMning 1,5 baravarigacha miqdorda pul mablag‘lari to‘lab berilishi aytilgan edi.