Bugun 14 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

«Xuddi qullardek» — KXDRlik ishchilar Rossiyada dahshatli sharoitda mehnat qilmoqda

«Xuddi qullardek» — KXDRlik ishchilar Rossiyada dahshatli sharoitda mehnat qilmoqda

BBCʼning Seuldagi muxbiri Rossiyadan qochib chiqqan olti nafar shimoliy koreyalik ishchi bilan suhbatlashdi. Ularning aytishicha, Markaziy Osiyolik migrantlar ulardan uch barobar kamroq ish qilib, 5 barobar ko‘proq maosh olishgan.

BBCʼning aniqlik kiritishicha, Rossiya Ukrainada olib borayotgan bosqinchilik urushi tufayli yuzaga kelgan ishchi kuchi tanqisligini qoplash uchun minglab shimoliy koreyaliklarni ishga jalb qilmoqda. Shimollik koreyslar saqlanayotgan sharoitlar esa qullikdan kam farq qiladi.

Moskva bir necha bor Pyongyangdan urushda yordam so‘ragan. KXDR Rossiyaga raketa, artilleriya snaryadlari yetkazib bergan va o‘z askarlarini yuborgan. Janubiy Koreya razvedkasi vakillariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Rossiya shimoliy koreyalik mehnat resursidan yanada faol foydalanmoqda.

Qurilishdagi ish va yilda faqat ikki kun dam

Intervyu berilgan ishchilarning barchasi uzoq va og‘ir ish kuni haqida so‘zlagan: soat 06:00 da uyg‘onish, ko‘p qavatli uylar qurilishida tongdan tun yarmigacha — 02:00 gacha ishlash, yil davomida faqat ikki kun rasmiy dam olish. Suhbatda ishtirok etganlarning xavfsizliklari uchun nomlari oshkor qilinmagan.

Bir ishchi Jin Rossiyaning Sharqiy qismiga qo‘ngan zahoti uni qurilish maydoniga Shimoliy Koreya xavfsizlik xodimi hamrohlik qilganini, unga «hech kim bilan gaplashmaslik, hech narsaga qaramaslik» buyrug‘i berilganini so‘zlaydi aytadi. Agent unga: «Tashqi dunyo — bizning dushmanimiz», degan.

Te ismli boshqa ishchi o‘tgan yili Rossiyadan qochgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni takrorlanadigan og‘ir mehnat kunlari ruhiy va jismoniy azob bo‘lgan. Tunda qo‘llari musht bo‘lib tugilib qolgani uchun ertalab kaftini yoza olmas, ishga qo‘l urish qiyin bo‘lardi.

Chang ismli ishchi «Ba’zilar kunduzi uxlab olish uchun ish joyiini tark etar yoki tik turib uxlab qolardi, lekin nazoratchilar ularni topib, kaltaklardi. Biz sekin asta o‘layotgandek edik», deydi.

KXDRdan kelgan ishchilar bilan suhbat qilish uchun Rossiyaga bir necha marta borgan Janubiy Koreyaning Don-A universiteti professori Kan Don Vanning ta’kidlashicha, ishchilar tungi payt elektr yoritishsiz, himoya vositalari deyarli yo‘q holda ishlashgan. Ishchilarga qurilish maydonini kunduzi ham, kechasi ham tark etish taqiqlangan. Ular doimiy ravishda Shimoliy Koreya davlat xavfsizlik agentlari kuzatuvida bo‘lishgan.

Ishchilar ichiga kanalar bosgan kirgan iflos, odamga liq to‘la yuk konteynerlarida yoki eshik o‘rinlari brezent bilan yopilgan, qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uylarning pollarida uxlashga majbur bo‘lishgan.

Nam ismli ishchi esa bir kuni 4 metr balandlikdan yiqilib tushib, yuzini yorib olgan bo‘lsa ham, boshliqlar uni shifoxonaga jo‘natmaganini aytadi.

BMT rezolyusiyasini chetlab o‘tish

O‘nlab yillar davomida o‘n minglab shimoliy koreyaliklar SSSR va Rossiyada ishlab, Shimoliy Koreya rejimi uchun millionlab dollar toplab kelishgan.

Biroq 2019 yilda BMT KXDRning yadroviy qurol yaratishiga javoban sanksiyalar doirasida boshqa davlatlarga shimoliy koreyalik ishchilarni qabul qilishni taqiqladi va ularning aksariyati vatanga qaytarildi.

Janubiy Koreya razvedkasidagi manbaning BBCʼga ma’lum qilishicha, cheklovlarga qaramasdan o‘tgan yili Rossiyaga 10 mingdan ortiq shimoliy koreyalik ishchi kelgan. Unga ko‘ra, bu yil bu raqam yana ortib, umumiy hisobda Pyongyang 50 mingdan ortiq ishchi yuborishni rejalashtirgan. Ko‘pchiligi yirik qurilishlarda, qolganlari tikuvchilik fabrikalarida ishlatilmoqda.

Bu holat KXDRlik migrnatlarni ishlatishni taqiqlovchi BMT sanksiyalarini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi. Rossiya hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatga 13 mingdan ortiq shimoliy koreyalik kirgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 12 barobar ko‘p. Deyarli 8 ming kishi talabalik vizasi bilan kelgan, ammo Janubiy Koreya razvedkasi va ekspertlar ular haqiqiy talabalar emasligini, bu BMT sanksiyasini aylanib o‘tish yo‘li ekanini aytishmoqda.

2025 yil iyunida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu ilk bor 5 ming shimoliy koreyalik Kursk oblastini tiklashga yuborilishini aytdi. Janubiy Koreya rasmiysiga ko‘ra, ba’zilari yaqin vaqtda Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlariga ham yo‘naltirilishi mumkin.

Seuldagi Kunmin universiteti professori Andrey Lankovning fikricha, ishchi kuchining katta yetishmovchiligi tufayli shimoliy koreyaliklar Rossiya uchun qulay variant: arzon, mehnatsevar va muammosiz.

Shimoliy Koreyada chet eldagi qurilishlarda ishlash katta talabga ega — chunki xorijda nisbatan ko‘proq haq to‘lanadi. Ishchilar qashshoqlikdan qutulish va uy sotib olish yoki biznes ochish umidi bilan ketadi. Tanlov qattiq tekshiruvdan o‘tadi, oilani olib ketishga ruxsat yo‘q. Daromadning katta qismi davlatga o‘tadi, qolgani — oyiga 100–200 dollar qaytib kelgach beriladi. Bu usul qochib ketishlarning oldini olish uchun joriy qilingan.

Ko‘pchilik og‘ir mehnat va kam haq to‘lanishini oldindan anglamaydi. Te ismli qochoq ishchi Markaziy Osiyodan kelgan qurivchilar undan uch barobar kam ishlab, besh barobar ko‘p maosh olishganini bilib, o‘ziga juda og‘ir olgan. «Men o‘zimni mehnat lageridagidek, panjarasiz qamoqdagidek his qilardim», deydi u.

Jin esa boshqalarning ularni «qullar» deb masxaralaganini unuta olmaydi. Boshlig‘i unga: «Davlatga pul kerak, sen qaytgach maoshingni olmasliging ham mumkin», deganidan so‘ng qochishga qaror qilganini aytgan.

Te esa YouTube’da Janubiy Koreyadagi maoshlar haqidagi video ko‘rib qolib, qochishga bel bog‘lagan. Tunda anjomlarini chiqindilar paketiga jamlab, yostiqni ko‘rpa ichiga tiqib, xuddi o‘zi o‘rnida uxlayotgandek ko‘rsatib, qurilishdan qochgan. U taksi yollab, minglab kilometr yo‘l bosib, Seulga yetishida yordam bergan advokat bilan uchrashgan.

So‘nggi yillarda ayrim ishchilar sigareta va alkogol uchun mo‘ljallangan kundalik xarajatlardan misqollab yig‘ilgan pulga ishlatish taqiqlangan eski smartfonlar sotib olib, qochishlarni tashkillashtirishgan.

Manbalarning BBCʼga ma’lum qilishicha, qochish holatlariga qarshi kurashish maqsadida Shimoliy Koreya hokimiyati ishchilar ustidan shundoq ham qat’iy bo‘lgan nazoratni yanada kuchaytirmoqda.

Don-A universiteti professori Kanning aytishicha, KXDR ma’muriyati qochishlarni oldini olish uchun ishchilarga mafkuraviy tayyorgarlikni kuchaytirayotgan, siyosiy-ma’rifiy yig‘ilishlar va o‘z-o‘zini tanqid qilish sessiyalarini ko‘proq o‘tkazmoqda. Bu tadbirlarda ular Kim Jong Unga sodiqligini ochiq e’lon qilishga va o‘z xatolarini sanab o‘tishga majbur etiladi.

Qurilish maydonlarini tark etish imkoniyatlari ham keskin cheklangan. Professor Kanning so‘zlariga ko‘ra, avval ishchilarga oyda bir marta guruh bo‘lib chiqishga ruxsat berilgan bo‘lsa, endilikda bu amaliyot deyarli yo‘qqa chiqqan.

Rossiyadan shimoliy koreyalik ishchilarni qutqarish bilan shug‘ullanuvchi seullik faol Kim Sun Chyol nazorat tartibi qat’iylashganini tasdiqlaydi: «Ilgari ularga juft bo‘lib chiqishga ruxsat berilardi, lekin 2023 yildan beri besh kishidan iborat guruhlarda harakatlanishga va yanada qattiqroq kuzatuv ostida bo‘lishga majbur».

Bunday sharoitda qochishlar soni keskin kamaygan. Janubiy Koreya hukumatidan BBCʼga ma’lum qilishlaricha, 2022 yildan beri Rossiyadan qochib Seulga yetayotgan shimoliy koreyaliklar soni yiliga taxminan 20 nafardan 10 nafarga tushgan.

Rossiya–KXDR munosabatlari bo‘yicha ekspert, Kunmin universiteti professori Andrey Lankovning ta’kidlashicha, bu qat’iy choralar ehtimol Rossiyaga yanada ko‘proq ishchi yuborish tayyorgarligi bo‘lishi mumkin.

«Bu ishchilar Kim va Putinning harbiy do‘stligining abadiy merosiga aylanadi», — deydi u. Uning fikricha, urush va harbiy texnika hamda askarlar yuborish to‘xtaganidan keyin ham ishchilar oqimi uzoq davom etadi.

Kiritildi: 17:26 13.08.2025. O'qildi: 913 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!