Oila – har bir insonning hayotidagi eng muhim va nozik xilqatdir. Er va xotin o‘rtasidagi munosabatlar, ularning bir-biriga bo‘lgan muhabbati, ishonchiga asoslanadi. Ammo, ba’zida, hayotdagi muammolar, kelishmovchiliklar va turli xil vaziyatlar oilaviy munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin.
Ajrashish jarayoni, ko‘pincha, ota-ona va bolalar uchun og‘ir bo‘ladi.
Xuddi shu kabi, Boysun tumanidagi “Pasurxi” mahallasidagi Abbosovlar oilasida ham o‘zaro kelishmovchilik sabab er va xotin ajrashishga qaror qilishdi. Ular o‘rtasida voyaga yetmagan farzand esa ona tarbiyasidan uzoqlashtirildi.
Mazkur nizoli vaziyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sud organlarida atroflicha o‘rganib chiqildi va voyaga yetmagan bola onasining parvarishiga muhtojligi inobatga olinib, da’voni qanoatlantirdi.
Shundan so‘ng, mazkur sudning ijro hujjati Byuroning Boysun tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishildi va taraflar bu haqida ogohlantirildi.
Byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochisining sa’y harakatlari bilan voyaga yetmagan 11 yoshli farzand sog‘-salomat ona tarbiyasiga olib berilishi ta’minlandi.