22 iyul kuni O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov Kobul shahrida «Tolibon» Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchisi Mulla Muhammad Yoqub bilan uchrashdi.
Amirlik mudofaa vazirligining xabar berishicha, uchrashuvda DXX raisining o‘rinbosari Farrux Muxtorov, DXX raisining o‘rinbosari — chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Salimjon Hasanov va boshqa rasmiy delegasiya a’zolari qatnashgan.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston delegasiyasi Afg‘onistondagi xavfsizlik holati va iqtisodiy taraqqiyotdan mamnun ekanini, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.
«Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro maydonlarda O‘zbekiston hukumatining ijobiy pozisiyasini e’tirof etdi va ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarning kengayib borayotganini qayd etdi. Uchrashuvda tomonlar chegara hamkorligi, o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish va boshqa tegishli masalalar yuzasidan fikr almashdi» deyiladi rasmiy relizda.