5 iyul kuni ertalabdan boshlab Isroil armiyasi G‘aza sektoridagi turli hududlarga havo va dron orqali hujumlar uyushtirdi. Hujumlar natijasida 26 nafar falastinlik halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi. Zarbalar asosan tinch aholi yashaydigan uylar, maktablar va qochqinlar joylashgan palatkalarni nishonga olgan.
G‘azaning Zeytun tumanidagi Imam Shafi maktabiga berilgan zarba oqibatida, qochqinlar panoh topgan binoda 7 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab jabrlanganlar bor.
Shayx Ridvon tumanida, Mavxubin maktabi yaqinidagi uyga havo hujumi natijasida 3 kishi, jumladan 2 nafar bola halok bo‘ldi, ko‘plab fuqarolar yaralandi.
Rafah shahrida, Isroil va AQSh ko‘magida tashkil etilgan yordam tarqatish markazi yaqinida yordam kutayotgan tinch fuqarolarga qilingan hujumda 2 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishi jarohat oldi.
Xan-Yunus shahridagi Ribat kolleji yaqinidagi palatkalarga qilingan zarbada ayol kishi va yana ikki fuqaro halok bo‘ldi.
Al-Mavasi tumanida bir shifokor va uning to‘rt nafar farzandi halok bo‘ldi, ular yashab turgan palatkaga berilgan zarba yong‘in keltirib chiqardi.
Shuningdek, bespilotnik zarbasi natijasida ota va uning o‘g‘li halok bo‘lgan.
Megazi va Bureyj qochqinlar lagerlaridagi uylarga qilingan hujumlar oqibatida ikki aka-uka va yana ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Isroil hujumlari faqat harbiy nishonlarga emas, balki tinch fuqarolar va qochqinlar joylashgan hududlarga ham qaratilgani holatning jiddiyligini yana bir bor tasdiqladi. Isroil rasmiylari hozircha ushbu hujumlar bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.