Andijon viloyatida “Lacetti” haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini 50 marotabadan ziyod buzgani uchun 12,2 million so‘m jarima to‘ladi.
Asaka tumanida yashovchi J.Z.ga tegishli bo‘lgan “Lacetti” avtomashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qayta-qayta buzgan. Eng qizig‘i, u biror marta ham tezlikni oshirmagan. Barcha qoidabuzarliklar — asosan yo‘l chizig‘ini bosish va svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Haydovchi bu qoidabuzarliklari uchun umumiy hisobda 12 million 200 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortilgan. Majburiy ijro harakatlari davomida u belgilangan jarimalarni to‘liq to‘ladi.
Har bir haydovchi yodida tutishi lozim: avtomobil boshqarayotgan shaxs nafaqat o‘zining, balki boshqalarning hayoti uchun ham mas’ul. Yo‘l qoidalariga rioya etish esa nafaqat jarimalardan, balki og‘ir oqibatlardan asraydi.