Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan "ajoyib" bayram uyushtirishga va’da berdi. Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 3 iyul, payshanba kuni u Ayova shtatiga tashrif buyurib, vatanparvarlik bayramlarini rasman boshlab beradi. Ushbu tadbir yillik bayramlar marafonining boshlanishi bo‘ladi.
"Ayovaning De-Moyn shahridagi yarmarka maydonida o‘tkaziladigan tadbirda Amerika madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, musiqiy chiqishlar va kechasi tantanali mushakbozlik bo‘lishi rejalashtirilgan", — deya ma’lum qildi AQSh protokol xizmati rahbari Monika Krouli.
Tashkilotchilar ushbu bayramni mamlakatni siyosiy bo‘linishdan chiqarish va birlashtirish uchun imkoniyat deb bilishmoqda. "So‘nggi o‘n yilliklarda, ayniqsa, so‘nggi yillarda biz juda ko‘p bo‘linish va keskinliklarga duch keldik", — dedi Krouli.
Associated Press'ning qayd etishicha, yaqinda Gallup tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma oxirgi 20 yilda jamiyatdagi eng chuqur bo‘linishni ko‘rsatgan: demokratlarning atigi uchdan biri amerikalik ekanidan faxrlanishini bildirgan, respublikachilar orasida esa 10 kishidan 9 nafari o‘z fuqaroligidan faxrlanishini aytgan.
Shuningdek, iyun oyida AP-NORC tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikaliklarning 4 dan 1 qismi Trampning prezidentlik faoliyatini ma’qullayotganini ko‘rsatdi. Biroq aksariyat amerikaliklar AQSh armiyasining 250 yilligi munosabati bilan iyun oyida o‘tkazilgan harbiy paradni va u Trampning tug‘ilgan kuni bilan bir kunga to‘g‘ri kelganini "davlat mablag‘laridan samarasiz foydalanish" deb baholashgan.
Ma’lumot uchun, AQSh o‘z mustaqilligining 250 yilligini 2026 yilda nishonlaydi. 1776 yil 4 iyul kuni Qo‘shma Shtatlarda Mustaqillik Deklarasiyasi qabul qilingan va bu bilan 13 ta koloniyaning Buyuk Britaniyadan ajralishi rasman e’lon qilingan.