Raybird turkumidagi razvedka dronlari Britaniyada ishlab chiqariladi va Ukraina hamda NATO armiyalariga yetkazib beriladi.
Ukrainaning Skyeton kompaniyasi va Buyuk Britaniyaning yetakchi mudofaa kompaniyasi Prevail Partners dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tuzganini e’lon qildi. Ushbu loyiha doirasida Raybird turkumidagi razvedka dronlarini seriyali tarzda ishlab chiqarish Britaniyada yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha nafaqat Ukraina Qurolli Kuchlarini, balki Buyuk Britaniya armiyasi va NATOga a’zo boshqa davlatlarni ham dronlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Skyeton kompaniyasi ACS-3/Raybird komplekslari bilan tanilgan bo‘lib, bu uzoq muddat parvoz qila oladigan va yuqori samarali razvedka droni hisoblanadi. Raybird dronlari 2018 yildan beri Ukraina armiyasida xizmat qiladi va 350 ming soatdan ziyod jangovar parvoz tajribasiga ega.
Dron havoda 28 soatgacha qolishi va 2500 km masofani bosib o‘tishi mumkin. U 5,5 km balandlikdan vizual razvedka olib borishi, HHH tizimlariga chap berishi va radioelektron kurash zonalarida samarali harakat qilishi bilan ajralib turadi.
Skyeton ma’lumotlariga ko‘ra, Raybird yil davomida o‘nlab modernizasiyadan o‘tadi. So‘nggi versiyalardan birida lazerli aniqlash tizimi integrasiya qilingan bo‘lib, bu dronlarga to‘g‘rilash imkoniyatiga ega bo‘lgan qurollarni metrdek aniqlikda boshqarish imkonini beradi.
Prevail Partners ta’kidlashicha, Raybird o‘z sinfi bo‘yicha muvaffaqiyatli raqobatchi hisoblanadi va uzoqlik, arzonlik va parvoz davomiyligi bilan ajralib turadi.