Isroilda hukmron “Likud” partiyasi vazirlari bosh vazir Binyamin Netanyahudan okkupasiya qilingan G‘arbiy sohilni joriy oy oxirigacha anneksiya qilishni talab qilmoqda.
Hukumat koalisiyasi tarkibidagi “Likud” partiyasi vazirlari Binyamin Netanyahuga murojaat xatini yo‘llab, unda G‘arbiy sohilni anneksiya qilish masalasini parlament ta’tillari boshlanishidan oldin hal qilishni talab qilishdi.
Isroil OAVga ko‘ra, murojaatda oxirgi oylarda qo‘lga kiritilgan “tarixiy yutuqlar” tilga olinib, hukumat “suveren huquqini amalga oshirish” haqida qaror qabul qilishi lozimligi qayd etilgan.
Vazirlar G‘arbiy sohilni yaqin haftalarda rasman Isroilga qo‘shilishini talab qilmoqda. Ularga ko‘ra, Eronga qarshi muvaffaqiyatli harakatlardan so‘ng, ichki tahdidlarni bartaraf etish va “yurt qalbida yangi qon to‘kilishining oldini olish” kerak.
Murojaatda AQSh prezidenti Donald Tramp va Vashingtonning “strategik hamkorligi, qo‘llab-quvvatlovi va yordami” ham tilga olingan. Vazirlar aytishicha, anneksiyani aynan hozir amalga oshirish zarur, chunki mustaqil Falastin davlatining tashkil etilishi Isroil uchun “ekzistensial tahdid” soladi.
Moliya vaziri Besalel Smotrich bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va hamkasblari pozisiyasidan mamnunligini bildirdi.
Adliya vaziri Yariv Levin ham anneksiya tarafdori ekanini aytdi. U: “Okkupasiya qilingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilish vaqti keldi”, — deb ta’kidladi va “bunday tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy berib bo‘lmaydi”, — dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat ichki siyosiy kurashlardan tashqaridagi “betakror imkoniyat” bo‘lib, Isroil undan foydalanishi kerak.
Netanyahu boshchiligidagi ultrao‘ng hukumatda anneksiya g‘oyasini ko‘plab vazirlar qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrida Smotrich Trampning AQSh prezidentligida g‘alaba qozonishi “G‘arbiy sohildagi falastinlik yerlarida qurilgan isroillik aholi punktlarini anneksiya qilish uchun imkoniyat” bo‘lishini aytgan edi.