Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda so‘zlagan nutqida G‘arb davlatlarini yangi urush xavfini avjiga chiqarayotganlikda ayblab, Rossiya qurolli kuchlari modernizasiyasi jadal ketishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva o‘z kelajagi uchun jang qilmoqda.
Kremldagi rasmiy chiqishda Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan «asossiz tahdid» muhitini yaratib, yangi qurollanish poygasiga sabab bo‘layotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, «G‘arb siyosatchilari Rossiyaga strategik mag‘lubiyat yetkazishni rejalashtirmoqda, tarixdan hech narsa o‘rganmagan».
Putinga ko‘ra, Rossiya bugun «o‘z kelajagi uchun kurashmoqda» va bu kurashda harbiy salohiyatni oshirish ustuvor yo‘nalishga aylangan. U mamlakat qurolli kuchlari texnik jihatdan keng ko‘lamli yangilanish jarayoniga kirganini qayd etdi. Xususan, «Oreshnik» nomli o‘rta masofali yangi raketalar majmuasini seriyali ishlab chiqarishga kirishilgan va u jangovor sharoitlarda o‘zini samarali tomondan ko‘rsatgan.
Shuningdek, Putin «Yars» strategik raketalari, dronlar va dengiz piyoda qismlarining diviziyalarga aylantirilishi haqida gapirib, harbiy quvvat yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar Rossiya qurolli kuchlarining zarba berish qobiliyatini oshiradi.
Putin NATO sammitida alyans harbiy salohiyatini kengaytirish dasturi e’lon qilinishini kutilyotganini ham eslatdi. U buni jahondagi militarizasiya va qurollanish poygasini avjiga chiqaruvchi haqiqiy omil sifatida baholadi.
Rossiya yetakchisi, shuningdek, Ukrainaga G‘arb tomonidan qurol va mablag‘ yuborilishida davom etilayotganini tanqid qildi va bunday harakatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri mojarodagi ishtirok sifatida ko‘rdi. U «maxsus harbiy operasiya» ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining haqiqiy vorislari, deb atadi.