AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika harbiy-havo kuchlari Erondagi uchta eng yirik yadroviy obektni bombardimon qilganidan keyin xalqqa murojaat qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fordo, Natanz va Isfahon yadroviy ob’ektlari "to‘liq" yo‘q qilingan va bu "mislsiz harbiy muvaffaqiyat" natijasi bo‘lgan.
"Eron endi tinchlikni tanlashi kerak. Aks holda, keyingi hujumlar bundan ham kattaroq va ancha vayronkor. Yana ko‘plab nishonlar bor. Agar tinchlikka tez orada erishilmasa, biz ularni aniqlik, tezlik va mahorat bilan yo‘q qilamiz", — deya ogohlantirdi Tramp.
AQSh prezidenti, shuningdek, bu holat davom etmasligini aytdi. "Yoki tinchlik bo‘ladi, yoki Eron uchun, so‘nggi sakkiz kun ichida ko‘rganimizdan ancha dahshatli fojia yuz beradi", — deya ta’kidladi u.
Qo‘shma Shtatlar prezidenti o‘z murojaatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga minnatdorchilik bildirib, AQSh va Isroil "bir jamoa sifatida ishlaganini" aytdi.
"Men bosh vazir Binyamin Netanyahuga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Biz bir jamoa sifatida, hamkorlikda ishladik. Bu Isroil uchun xavfni yo‘q qilish yo‘lida katta qadam bo‘ldi. Isroil armiyasiga qilgan ajoyib ishi uchun minnatdorchilik bildiraman", — dedi Tramp.
Prezidentga ko‘ra, bu hujumlarning asosiy maqsadi Eronning yadro boyitish imkoniyatini tugatish va “terrorizmning dunyodagi eng yirik homiysi” tomonidan kelayotgan yadro tahdidini to‘xtatish bo‘lgan.