Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh Eronga nisbatan taktik yadroviy qurol qo‘llash ehtimoli haqidagi xabarlarni «spekulyasiya» deb atadi. U bunday ssenariy falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
«Hozir juda ko‘p spekulyasiyalar bor. Bunday holat falokatga olib kelishi mumkin, ammo spekulyasiyalar shunchalik ko‘pki, ularni izohlashning o‘zi qiyin», — dedi Peskov TASS agentligiga bergan izohida.
Bundan avval Fox News telekanali muxbiri Jeki Haynrik Oq uydagi manbaga tayanib, AQSh Fordo yadroviy ob’ektiga taktik yadroviy qurol bilan zarba berish ehtimolini rad etmayotgani haqida xabar bergan edi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Amerika harbiylari podzem ob’ektlarni yo‘q qilishga qodir maxsus bombalarni ham samarali deb hisoblamoqda.
The New York Times gazetasi amerikalik maxsus xizmatlar manbalariga tayanib, agar AQSh Fordo yadroviy ob’ektiga hujum qilsa yoki Isroil Eron Oliy rahnamosi ayatolla Ali Xameneiga suiqasd uyushtirsa, Tehron yadroviy qurol yaratishga qaror qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Biroq, nashr yozishicha, Eron hozircha bomba yaratish haqida yakuniy qaror qabul qilmagan.
2025 yil mart oyida AQSh Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard Eron harbiy yadroviy dasturini tiklayotgani bo‘yicha hech qanday dalil yo‘qligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayatolla Xamenei 2003 yilda to‘xtatilgan loyihaga qaytishni ma’qullamagan.
Shunga qaramay, AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin vaqtgacha Eron yadroviy bomba yaratish arafasida bo‘lganini iddao qilmoqda. Jurnalistlar unga razvedkaning boshqacha fikrini eslatishganida, Tramp shunday deb javob berdi: «Ular nima degani menga qiziq emas. Menimcha, ular [Eronliklar] juda yaqin edi».