MAGATE rahbari Rafael Grossi BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida bildirishicha, agentlik Fordo yadroviy ob’ektida zarar yetkazilgani haqida ma’lumotga ega emas. Ob’ekt hanuz agentlik nazorati ostida bo‘lib turibdi va radiasiya chiqish alomatlari qayd etilmagan.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Isfahondagi to‘rtta ob’ekt zarar ko‘rgan: markaziy kimyoviy laboratoriya, uranni konvertasiya qilish qurilmasi, Tehron reaktori uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi va uranni metall ko‘rinishida qayta ishlashga mo‘ljallangan qurilayotgan majmua. Ob’ektlar hududidan tashqarida radiasiya foni oshgani qayd etilmagan.
Shuningdek, Arak yaqinida joylashgan Xondap hududidagi qurilayotgan og‘ir suvli tadqiqot reaktori ham zarbaga uchragan. Ushbu reaktor hali faoliyatga tushirilmagan va yadroviy materiallar saqlanmagani uchun MAGATE bahosiga ko‘ra, radiasiya bilan bog‘liq oqibatlar kuzatilmagan.
Yana bir zarar ko‘rgan ob’ekt — og‘ir suv ishlab chiqaruvchi zavod bo‘lgan. Grossining ta’kidlashicha, ushbu ob’ektlarga qilingan zarbalar oqibatida atrof-muhit va aholiga xavf yo‘q, biroq agentlik vaziyatni kuzatishni davom ettirmoqda.