MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) rahbari Rafael Grossining aytishicha, agentlikda Eron yadroviy qurol yaratayotgani haqida aniq dalillar bo‘lmagan.
"Albatta, bu 'ertaga' tayyor bo‘ladigan narsa emas edi, ehtimol, hatto yillar ham kerak emas. Menimcha, bu yillar masalasi emas. Ammo bu faqatgina taxmin. Nima uchun? Chunki biz aniq bilmaymiz. Agar biror ishlar maxfiy tarzda, inspektorlarimiz yetib bormagan joylarda amalga oshirilgan bo‘lsa — biz bu haqda bila olmasdik. Bizda Eron yadroviy qurol yaratish bo‘yicha tizimli ish olib borganiga doir hech qanday dalil yo‘q", — dedi Grossi CNN telekanali efirida.
Shuningdek, MAGATE ma’lum qilishicha, Tehrondagi uranni boyitish uchun sentrifuga uskunalari ishlab chiqariladigan binoga berilgan zarbalar natijasida shikast yetgan.
Avvalroq Amerika razvedkasi ham Eron yadroviy qurol yaratishga yaqinlashgani haqida xulosa chiqarmagani ma’lum qilingan edi. Donald Tramp esa bu masalada “unga baribir” ekanini aytgan va Eron “juda yaqin” bo‘lgan deb ishonganini ta’kidlagan.