Bugun 14 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

"Sud-pud demasdan, ichida odami bo‘lsa ham buzib tashla" - Buxoro viloyati hokimidan keskin topshiriq!

"Sud-pud demasdan, ichida odami bo‘lsa ham buzib tashla" - Buxoro viloyati hokimidan keskin topshiriq!

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi tomonidan go‘yoki "xususiy bog‘chani buzib tashlash" kerakligi yuzasidan topshiriq berganligi haqidagi video tarqalib, keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Ushbu video bo‘yicha Buxoro viloyati matbuot xizmati rasmiy raddiya berdi.

"Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz: Joriy yilning 22 may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.

140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 1961 yilda qurilgan va hozirda ta’mirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan mahalliy byudjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar berdi.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida Botir Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmaganligi, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish ob’ekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilganligi, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan e’tirozlarini bildirdi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizasiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash vazifalari yuklatilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi PQ-241-sonli Qarori).

Videolavhada tilga olingan "buzib tashla" jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan.

Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish - asosiy maqsad bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani “hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq berayapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilgan, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimiz, viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan.

Shu o‘rinda viloyat hokimligi matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari vakillari, shu jumladan, blogerlar bilan doimo hamkorlikka tayyorligini bildiradi." - deyiladi Buxoro viloyati matbuot xizmatining rasmiy bayonotida.

Kiritildi: 06:31 13.06.2025. O'qildi: 1464 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!