Bugun 14 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Buxoro viloyati hokimi hujjati yo‘q binoni “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash”ni buyurdi

Buxoro viloyati hokimi hujjati yo‘q binoni “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash”ni buyurdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bir guruh amaldorlarga bog‘cha hududida turib qandaydir binoni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan video lavha tarqaldi. Unda hokim o‘zi nazarda tutayotgan binolarni hatto ichidagi odami bilan ko‘mib tashlashni buyurgan.

“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan, Mo‘min (Buxoro shahri hokimi o‘rinbosari Mo‘min Amonov – tahririyat). Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.

Shuningdek, viloyat hokimi IIB boshlig‘iga agar qoniqarli ishlamasa, “tinchroq tumanga jo‘natib yuborishi”ni aytgan.

“O‘rtoq nachalnik, siz “est”dan oldin... Kechayam viloyat hokimi kelyapti, men kuzatdim, bemalolroq bo‘lgansizlar butunlay shaharda. Bugun ham bu yerda ahvol haminqadar. Yo bu jinoyatchilikka omil bo‘luvchi holatlarning oldini oling, yo bo‘lmasa sizni tinchroq tumanga jo‘natay. “Uje” men topshiriq berdim. Tushundingizmi? O‘zgarish qiling”, degan hokim.

Botir Zaripov shu yerning o‘zida bu masalaga javob beradigan shahar hokimi o‘rinbosariga intizomiy jazo qo‘llashini bildirgan. “Agar shahar bo‘yicha ijtimoiy soha ob’ektlari men aytgan nuqtayi nazardan tanqidiy ko‘rib tuzatilmasa, u kishiga javob beriladi. Bu shahar hokimining hamma o‘rinbosarlariga “urok” bo‘lsin”, degan Botir Zaripov.

Holat qachon va Buxoro shahridagi qaysi bog‘cha hududida bo‘lgani ma’lum emas. Hokimlik hozircha holat bo‘yicha munosabat bildirmadi.

Kiritildi: 23:00 12.06.2025. O'qildi: 1707 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!