Xalqaro insonparvarlik tashkiloti — Mercy Corps Kobulda yashovchi yetti million aholi hayot uchun xavfli darajadagi suv tanqisligiga duch kelayotganini ogohlantirdi.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, shahardagi chuqur quduqlarning yarmi allaqachon qurib qolgan. Agar hozirgi holat o‘zgarmasa, Kobul 2030-yilga borib butunlay suvsiz qolishi mumkin.
So‘nggi o‘n yil ichida Afg‘oniston poytaxti yer osti suvlari sathi 30 foizga tushib ketgani qayd etilgan. Bunga asosiy sabab sifatida shaharning tez sur’atlarda kengayishi va kuchayib borayotgan iqlim inqirozi ko‘rsatilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu sharoitda Kobul dunyodagi birinchi katta shahar bo‘lib, butunlay suvdan qurib qolishi mumkin.
The Guardian nashri yozishicha, hozirda Kobulda yer osti suvlari yiliga 44 million kub metr hajmda chiqarib olinmoqda, bu esa tabiiy ravishda tiklanish tezligidan ancha yuqori. Agar bunday davom etsa, shaharning suv zaxiralari besh yil ichida butunlay qurib qoladi va bu Kobul aholisiga hayot-mamot tahdidi soladi.
Mercy Corpsning Afg‘onistondagi rahbari Deyn Karri vaziyatning dolzarbligini urg‘ulladi:
“Bu holatni jiddiy hujjatlashtirish va xalqaro e’tiborni bu muammoni hal qilishga jalb qilish bo‘yicha qat’iy harakat bo‘lishi kerak.
Suv yo‘q bo‘lsa, odamlar yashash joylarini tark etadi. Shuning uchun xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda suv muammosini e’tiborsiz qoldirsa, bu yanada ko‘proq migrasiya va odamlar uchun og‘irliklarga olib keladi.”
Karri shuningdek, Afg‘onistondagi suv infratuzilmasi asosan xorijiy yordamga bog‘liqligini, biroq bu mablag‘lar Tolibon hokimiyatga qaytgach muzlatib qo‘yilganini ta’kidladi.
The Guardianga ko‘ra, Kobuldagi yer osti suvlarining 80 foizi ichishga yaroqsiz — ularning aksariyati kanalizasiya chiqindilari bilan ifloslangan. Suvga yetib borish har kuni aholi uchun kurashga aylanib qolgan. Ba’zi oilalar suvga oylik daromadining 30 foizigacha sarflamoqda, aholining uchdan ikki qismi suv xarajatlari tufayli qarzga botgan.
Kobulning Xayr Xona tumanidagi o‘qituvchi Nazifa The Guardian’ga quyidagilarni aytdi:
> “Afg‘oniston ko‘plab muammolarga duch kelmoqda, lekin suv tanqisligi eng og‘irlaridan biri. Har bir xonadon qiynalmoqda, ayniqsa daromadi past bo‘lganlar. Endi ichish uchun sifatli quduq suvi deyarli yo‘q.”
Bu orada ba’zi xususiy kompaniyalar vaziyatdan foydalanib, yangi quduqlar qazimoqda va jamoat suv resurslarini tortib olib, ularni yuqori narxlarda sotmoqda. Nazifa yana shunday deydi:
> “Avvallari har 10 kunda suv tankerlari orqali idishlarimizni to‘ldirish uchun 500 afg‘oniy to‘lardik. Endi shu miqdordagi suv 1 000 afg‘oniy turmoqda.”
Kobul aholisining soni 2001-yildagi bir milliondan hozirgi kunda yetti milliondan oshgan, bu esa suvga bo‘lgan talabni keskin oshirgan. So‘nggi yigirma yil davomida samarali boshqaruv, tartibga solish va nazoratning yo‘qligi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
2025-yil boshida BMTning Gumanitar ishlar bo‘yicha koordinasiya boshqarmasi (OCHA) suv va sanitariya sohasidagi dasturlar uchun kerakli bo‘lgan 264 million dollardan atigi 8,4 millioni yetib kelganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng, 3 milliard dollarlik xalqaro yordam — suv va sanitariya loyihalariga ajratilgan mablag‘ — muzlatib qo‘yilgan.
Muqobil yechim sifatida Panjshir daryosidan quvur orqali suv olib kelish loyihasi taklif etilgan. Bu loyiha Kobulning yer osti suvlariga qaramligini kamaytiradi va ikki million aholiga ichimlik suvi yetkazib bera oladi. Loyihaning loyihalash bosqichi 2024-yil oxirida yakunlangan bo‘lib, hozirda byudjet tasdiqlanishini kutmoqda. Tolibon bu 170 million dollarlik loyiha uchun investorlar izlamoqda.
Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yetakchi tadqiqotchi Najibulloh Sadid ogohlantiradi:
“Byudjetlarni kutib bekor o‘tirmasligimiz kerak. Aks holda, biz orqaga yo‘li bo‘lmagan falokat tomon harakat qilyapmiz.”