Bugun 12 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Ishonch ortmoqda: O‘zbekiston yana bir nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi

Ishonch ortmoqda: O‘zbekiston yana bir nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Global ekologik fond (GEF) kengashining 69-yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari dunyoning yetakchi donor davlatlari e’tiboriga taqdim etildi.

Kengashda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov davlat rahbari tomonidan bir qator muhim ekologik tashabbuslar, xususan, Orol dengizining qurib qolgan tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlashtirish kampaniyasi olib borilayotganligi, bugungi kungacha 2 million gektar maydon yashil hududga aylantirilganligi, “Yashil makon” umumxalq loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilayotganligi va yashil hududlarni 30 foizgacha oshirish maqsad qilinganligi, 2030-yilga borib “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilganligi, qayta tiklanuvchi energiyaga va nol chiqindili transportga o‘tish rag‘batlantirayotganligi ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, kengash ishtirokchilari e’tiborini O‘zbekistonda qonunchilikda atrof-muhitni asrashga qaratilgan qator o‘zgartishlar kiritilganligi hamda ekologik ta’lim sifati oshirilayotganligiga qaratdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi yangilanib, atrof-muhitni asrash borasidagi moddalar bilan boyitildi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan boshqa hujjatlar ekologik barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida takomillashtirildi. Bundan tashqari, aynan Davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazi tashkil etildi. 2025 yil esa “Atrof-muhitni asrash hamda ‘yashil’ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyusiyalari, jumladan, 2027–2036 yillar oralig‘ida o‘rmon va yerlarni tiklashga oid rezolyusiya ilgari surilmoqda.

Kengashda 2026 yilda GEFning 8-assambleyasi va GEF Kengashining 71-yig‘ilishi O‘zbekistonda, Samarqandda o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan chuqur minnatdorlik bildirib, GEF ko‘magida O‘zbekistonning ekologik kun tartibini shakllantirishda muhim yutuqlarga erishilgani va hamkorlikni davom ettirishga umid bildirishini aytdi.

Tadbirda aynan O‘zbekistonning ekologik faolligi va tashabbuslari tufayli jahon hamjamiyati Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi sabablariga qarshi kurash va oqibatlarini yumshatish masalasiga e’tibor qaratyotgani qayd etildi. Xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tadbirlarda yirik donor davlatlar mintaqadagi ekologik muammolarga yechim topish maqsadida birlashadi.

“Markaziy Osiyo hali ham iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradasiyasi xavfiga juda ta’sirchan mintaqa bo‘lib qolmoqda. 2026 yildagi GEF Assambleyasi bu masalalarga e’tibor qaratish, mablag‘ safarbar qilish, bilimlar almashinuvi va barqarorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Biz sammit doirasida va hamkor davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga, iqlim barqarorligini oshirishga va bio xilma-xillik yo‘qolishining oldini olishga intilmoqdamiz", — dedi vazir.

O‘z navbatida tadbirning BMT Turizm tashkiloti tomonidan “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb e’tirof etilgan Samarqandda o‘tkazilishi ham ramziy ma’no kasb etishi ta’kidlandi.

“Bu biz uchun sharafdir. 3000 yillik tarixga ega Samarqand qadimiy sivilizasiyalar chorrahasida joylashgan bo‘lib, insonlar bu yerda tabiat bilan uyg‘unlikda yashab kelgan. Bugungi kunda esa Samarqand — boy tarix, madaniyat, milliy taomlar va o‘ziga xos mehmondo‘stlik bilan ajralib turadigan jonli manzildir. Markaziy Osiyo va Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashganligi bois Samarqand dunyo davlatlaridan keladigan delegasiyalar uchun qulay geografik joylashuvga ega", — dedi vazir.

Aziz Abduhakimov GEF assambleyasiga 2026 yilda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi birgalikda mezbonlik qilishini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekistonda deyarli 100 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim, qolgan davlatlar uchun esa 24 soat ichida olinadigan soddalashtirilgan elektron viza tizimi joriy qilinganligi va bu yurtimizga tashrif buyuradigan delegasiyalar uchun yanada qulaylik yaratishi qayd etildi.

"Biz Samarqandda BMT Turizm assambleyasi, YETTB yillik yig‘ilishi, UNCCD CRIC21, CMS COP14 va yaqinda bo‘lib o‘tgan Iqlim Forumni o‘tkazdik. Ushbu tadbirlarda dunyoning turli mamlakatlaridan vakillar ishtirok etdi. Joriy yilda esa O‘zbekistonda “Eco-Expo Central Asia”, YUNESKO Bosh Assambleyasi va CITES COP20 kabi yirik xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Fursatdan foydalanib, sizlarni ushbu tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilaman", — dedi vazir.

Aziz Abduhakimov kengash ishtirokchilariga “Green University”da IUCN (GEF agentligi)ning Markaziy Osiyodagi ofisi ochilgani haqida ham ma’lumot berdi:

"IUCN ofisining tashkil etilishi yangi imkoniyatlar ufqini ochadi va bu tashabbus nafaqat O‘zbekistonga, balki butun Markaziy Osiyoga xizmat qiladi. Biz bu mintaqada “Tabiat chegara bilmaydi” shiorini ilgari suryapmiz, chunki ekologik muammolar chegaralarni tan olmaydi va transchegaraviy hamkorlik muhim ahamiyatga ega".

GEF Assambleyasi global ekologik harakatlarni kuchaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy ko‘makni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish, nafaqat mintaqa, balki butun dunyodagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi pozisiyasida qat’iy hamda bu boradagi faolligi, tashabbuskorligini davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, Global Ekologik Fond (GEF, ingl. Global Environment Facility) — bu tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni moliyalashtiruvchi eng yirik xalqaro institut bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, yer degradasiyasi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va suvlarning ifloslanishi kabi global ekologik muammolarni hal etishda davlatlarga ko‘maklashadi. GEF Assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi nafaqat mamlakatning ekologiya va barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlariga nisbatan yuksak e’tirof, balki investisiyalar jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy ekologik ustuvorliklarni global miqyosda ilgari surish uchun muhim maydondir.

O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilib, Markaziy Osiyoning ekologik markazi sifatidagi maqomini tobora mustahkamlab bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda quyidagi muhim tadbirlar: BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasi doirasidagi 21-sessiyasi (CRIC21), Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi tomonlarining 14-konferensiyasi (CMS COP14), Birinchi Samarqand Iqlim Forumu muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yaqin oylar ichida esa O‘zbekiston ECO EXPO Central Asia — Markaziy Osiyo xalqaro ekologik ko‘rgazmasi hamda CITES COP20 — yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar turlari savdosi to‘g‘risidagi konvensiyaning 20-konferensiyasiga mezbonlik qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ekologik diplomatiya va barqaror rivojlanish borasidagi mintaqaviy markaz sifatidagi roli ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Kiritildi: 12:44 09.06.2025. O'qildi: 761 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!