Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso joriy yilning 8-10 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Ustuvor yo‘nalishlar – savdo, investisiya va innovasiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tashkillashtirilgan mehnat migrasiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashiladi.
Etakchilarning uchrashuvi yakunida O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso IV Toshkent xalqaro investisiya forumida ham ishtirok etadi.