Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatida gaz balloni portlashi oqibatida turar-joy binosi tomi qulab tushdi, 6 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi jarohatlandi.
Bu haqda mahalliy Dawn gazetasi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Mardan tumanida sodir bo‘lgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, gaz balon uylardan birida portlagan, shundan so‘ng ikki qavatli binoning tomi qulagan.
Yiqilish natijasida odamlar vayronalar ostida qolib ketishgan – ulardan olti nafari halok bo‘lgan, ikki nafari og‘ir yaralangan.
Etti soat davom etgan qutqaruv operasiyasi davomida vayronalar ostidan 8 kishi olib chiqildi.