Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara’a sentyabrda AQShga tashrif buyuradi. Bu haqda Syria TV telekanali xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ash-Shara’a BMT yig‘ilishida ham so‘zga chiqadi. Bu Suriya prezidentining so‘nggi 60 yil ichida jahon tashkilotidagi ilk nutqi bo‘ladi.
Suriyaning muvaqqat hukumati 2024 yil 9 dekabrda, Bashar Asad rejimi qulashidan so‘ng tashkil etilgan edi. Shundan keyin Bosh vazir lavozimi bekor qilindi va hukumatni Suriya prezidenti boshqara boshladi.
Aprel oyida Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Nyu Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) qarorgohi binosida o‘z mamlakatining yangi bayrog‘ini ko‘tardi. U bu voqeani “tarixiy” deb atadi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, suriyaliklar bu qadamni 14 yil davomida kutishgan. TIV rahbarining BMT qarorgohiga tashrifi Suriyaning yuqori martabali delegasiyasi 20 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki vakillari bilan uchrashuvlarda ishtirok etganidan so‘ng amalga oshirildi.
May oyi o‘rtalarida AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida ash-Shara’a bilan o‘tkazilgan uchrashuvni sharhlab, Suriyaning yangi rahbari “baquvvat yigit” va “kuchli o‘tmishga ega kurashchi” ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Amerika rahbari Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi va buni “unga imkoniyat berish zarurligi” bilan izohladi.