Ukraina Strategik kommunikasiyalar va axborot xavfsizligi markazi Rossiya harbiylarining Vladimir Putin Kursk viloyatiga tashrifi chog‘ida uning vertolyoti “Ukraina dronlari hujumining qaytarilish episentrida” bo‘lganligi haqidagi bayonotini yolg‘on deb atadi.
Bu bayonotni 25 may kuni “Rossiya-24” telekanali efirida havo hujumidan mudofaa diviziyasi qo‘mondoni Yuriy Dashkin bergan edi.
"Putinning safarini yoritgan Rossiya ommaviy axborot vositalari u viloyat bo‘ylab faqat avtomobilda harakatlanganini xabar bergan. Bundan tashqari, bu sanalarda na Rossiya Mudofaa vazirligi, na Kurskdagi mahalliy matbuot Dashkinning so‘zlariga mos keladigan miqyosdagi dronlar hujumi haqida xabar bergan", deya qayd etadi Ukraina Strategik kommunikasiyalar va axborot xavfsizligi markazi.