"AQSh prezidenti ma’muriyati Milliy xavfsizlik kengashida keng ko‘lamli qisqartirishlarni boshladi. Qisqartirishlar ma’muriyat tomonidan tayinlanganlar bilan birga, Davlat departamenti, Pentagon va boshqa idoralardan yuborilgan xodimlarga ham ta’sir qilgan", deya xabar bermoqda The Washington Post, Reuters va CNN manbalariga tayanib.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, 100 dan ortiq xodim ma’muriy ta’tilga yuborilgan. Reuters esa, ular orasida “muhim geosiyosiy masalalar” bo‘yicha ixtisoslashgan amaldorlar ham bo‘lganini qayd etmoqda.
Ular 23 mayda, ish kuni tugashidan va dam olish kunlari boshlanishidan biroz oldin ishdan bo‘shatilganliklari haqida bildirishnoma olishgan. Ko‘plab bo‘shatilgan xodimlar endi o‘z idoralariga qaytishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, qisqartirishlar AQSh davlat kotibi Marko Rubio Milliy xavfsizlik kengashiga rahbar etib tayinlangach boshlangan. Rubio milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchi Mark Uolsning o‘rnini egallagandi. Uols o‘z lavozimini Oq uy faoliyatiga oid maxfiy ma’lumotlar Signal messenjeri chatida tarqalgani bilan bog‘liq mojaro ortidan tark etgan edi.