Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSh tomonidan ilgari surilgan va G‘azoga yordam yetkazishni nazarda tutuvchi yangi tashabbusga qo‘shilmasligini ma’lum qildi. Tashkilot ushbu rejaning betaraflik va mustaqillik prinsiplari buzilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
"G‘azo gumanitar jamg‘armasi" nomi bilan tanilgan loyiha may oyi oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan, ammo u allaqachon ko‘plab gumanitar tashkilotlarning keskin tanqidiga uchradi. AQSh tashabbusi OAV tomonidan BMTning mavjud yordam kanallarini chetlab o‘tish va yordamni bevosita xususiy amerikalik kompaniyalar orqali G‘azoga yetkazishni nazarda tutgan loyihadir.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari Farhan Xaq ushbu rejani tanqid qilib, “Yordam taqsimoti rejasi bizning asosiy tamoyillarimizga mos kelmaydi,” deya bayonot berdi va BMT bu loyihada ishtirok etmasligini tasdiqladi.
Isroil esa mazkur loyihani moliyalashtirmasligini bildirgan, biroq uning amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmasligini ma’lum qilgan. Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon: “Biz ularga imkon beramiz,” degan, biroq “yordam ko‘rsatuvchi tomon bo‘lmaymiz,” deya qo‘shimcha qilgan.
Reja BMT amaldorlari va gumanitar tashkilotlar tomonidan tanqidga uchradi. Ular bunday tashabbus gumanitar yordamni siyosiy vositaga aylantirib yuborish xavfi borligini ta’kidlamoqda. BMTning yordam bo‘limi rahbari Tom Fletcher loyihani “zo‘ravonlik va majburiy ko‘chirishlar uchun niqob” deb atadi. BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakili Yens Lerke esa: “BMT faqat o‘z tamoyillariga mos keluvchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi,” dedi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorining Rafah chegara punktida 170 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat yordam to‘plangani holda kutib turibdi. Agar Isroil to‘siqlarni olib tashlasa, yordam G‘azoga zudlik bilan yetkazilishi mumkin. Bu esa AQShning yangi kampaniyasini kutish zaruratini yo‘qotadi.
Ayni damda G‘azo ocharchilik yoqasida turibdi. Isroil 2-martdan boshlab butunlay blokada o‘rnatgan. Shu tufayli insonparvarlik yordami hududga kirishdan to‘xtagan. Asosiy mahsulotlar narxi keskin oshgan — masalan, 25 kg un narxi $415 ga yetgan. Hududdagi barcha ommaviy oshxonalar yopilgan, bu esa ommaviy ochlikdan o‘lim xavfini yanada kuchaytirmoqda.