Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Kim Chen In: Rossiyani himoya qilish KXDRning muqaddas burchidir

 Kim Chen In: Rossiyani himoya qilish KXDRning muqaddas burchidir

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In, agar AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaga hujum qilsa, Shimoliy Koreya qurolli kuch ishlatishga tayyorligini aytdi. Uning bayonoti Koreya markaziy axborot agentligi tomonidan chop etilgan.

❕ Kim Rossiyani himoya qilishni Pxenyanning muqaddas burchi deb bilishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar “AQSh va G‘arbning xizmatkorlari o‘zlarining arzon, nuqsonli qurollari bilan” “qardosh Rossiya Federasiyasi”ga hujum qilishga urinsalar, hech ikkilanmasdan buyruq berishini aytdi.

💬 “Bu Koreya-Rossiya shartnomasi ruhi va moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.“Men buni birodar va quroldosh sifatida muqaddas burchimiz deb bilaman”, dedi Kim Chen In.

U, shuningdek, Shimoliy Koreyaning urushda Moskva tomonida ishtirok etishini oqlab, uni ittifoqchini himoya qilish suveren huquqidan foydalanish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Koreys xalqining eng yaxshi o‘g‘illari" rus askarlari bilan "bir xandaqda" yelkama-elka kurashgan va qon evaziga "umumiy dushmanni mag‘lub etgan".

KXDR rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat hukumati “Kiyevning aqldan ozgan xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib boradi”.

Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi harbiy-siyosiy aloqalar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2024-yil iyun oyida Shimoliy Koreyaga tashrifidan so‘ng mustahkamlandi.O‘shanda strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan va u kuzda ratifikasiya qilingan edi. Hujjatda aytilishicha, tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda ikkinchisi barcha mavjud vositalar yordamida har tomonlama yordam, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi.

Janubiy Koreya razvedkasi KXDR Ukraina armiyasiga qarshi janglarda qatnashish uchun Rossiya hududiga 15 mingga yaqin askarini yuborganini xabar qildi. Kamida 4000 Shimoliy Koreya askari, jumladan, yomon tayyorgarlik tufayli halok bo‘lgan yoki yaralangan, deydi Seul.

Moskva va Pxenyan uzoq vaqt davomida Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ishtirokini tasdiqlamadi. Biroq aprel oyida KXDR rasmiylari Rossiya tomonida o‘z kuchlari borligini rasman tan oldi.

Shuningdek, G‘arb xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiya armiyasiga zarur bo‘lgan artilleriya o‘q-dorilarining yarmigacha yetkazib beradi. Ba’zi joylarda, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, qaramlik 100 foizga etadi.

Kiritildi: 13:11 11.05.2025. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!