Nyu-York meri saylovida dastlabki natijalarga ko‘ra g‘alaba qozongan Zoxran Mamdaniy Nyu-Yorkni muhojirlar qurganini va endi bu shahar ular tomonidan boshqarilishini ma’lum qildi.
50,4 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan va Nyu-York shahri tarixidagi ilk musulmon mer bo‘lgan Mamdaniy o‘z tarafdorlari oldida g‘alaba nutqini so‘zladi.
Uning ta’kidlashicha, bu g‘alaba “siyosiy sulolaning ag‘darilishi”ni anglatadi.
“Nyu-York, bu kecha siz o‘zgarishlar uchun mandat, mutlaqo yangi siyosiy yo‘nalish uchun mandat berdingiz”, — dedi Mamdaniy.
Siyosatchi Nyu-York endi saylovlarda musulmonlarga qarshi nafrat so‘zlari orqali g‘alaba qozoniladigan shahar bo‘lib qolmasligini ta’kidladi hamda chuqur islohotlar davrini boshlashga va’da berdi.
“Agar zulmkorni qo‘rqitishning yo‘li bo‘lsa, bu uni hokimiyat tepasiga chiqargan shart-sharoitlarni yo‘q qilishdir. Bu faqat Trampni to‘xtatish emas, balki uning o‘rnini bosadigan boshqa kimsaning kelishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shunday ekan, Donald Tramp, siz kuzatib turganingizni bilaman va sizga aytaman: ovozni baland qiling”, — dedi Mamdaniy AQSh prezidentiga murojaat qilib.
Mamdaniy “Tramp kabi milliarderlar” soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va imtiyozlardan foydalanish imkonini beruvchi “korrupsiya madaniyati”ga barham berishni va’da qildi.
“Nyu-York shahri muhojirlar tomonidan qurilgan, va shu kechadan boshlab u muhojirlar boshqaradigan shahar bo‘lib qoladi. Shuning uchun, diqqat bilan eshiting, prezident Tramp: bizga yetib kelish uchun siz barchamizdan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.
U, shuningdek, ular hozirgacha bosib o‘tgan yo‘lga o‘xshash, dadil yangi yo‘l ochish zarurligini ta’kidladi.
“Men musulmonman. Men demokratik sotsialistman. Bu uchun uzr so‘rashni qat’iyan rad etaman”, — dedi Mamdaniy.
34 yoshli Zoxran Mamdaniy Nyu-York shahrining ilk musulmon meri sifatida tarixga kirdi. Associated Press (AP) e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, u ochiq saylov uchastkalarida 50,4 foiz ovoz bilan o‘zining eng yaqin raqibi — mustaqil nomzod Endryu Kuomoni taxminan 9 foiz punktga ortda qoldirgan.