Nyu Yorkning yangi meri Zohran Mamdani o‘z lavozimining birinchi kunidayoq sobiq mer Erik Adamsning bir qator ko‘rsatmalarini bekor qiluvchi farmonni imzoladi. Bekor qilingan choralar orasida avvalgi merning Isroilga xayrixoh farmoyishlari ham bor.
Farmon matniga ko‘ra, 2024 yilning 26 sentyabridan 2025 yil 31 dekabrgacha imzolangan va amalda bo‘lgan barcha farmoyishlar bekor qilinadi. Ilgarigi ijro buyruqlari, agar ular alohida o‘zgartirilmagan yoki bekor qilinmagan bo‘lsa, o‘z kuchini saqlab qoladi. Hozirda amalda bo‘lgan favqulodda farmoyishlarga bu qaror taalluqli emas.
Bekor qilinganlar orasida o‘tgan oyda shahar idoralariga Isroilni boykot qilish yoki undan aktivlarni chiqarib olishni taqiqlovchi farmon ham bor. Iyun oyida qabul qilingan yana bir bekor qilingan ko‘rsatma antisemitizmning keng ta’rifini qo‘llab-quvvatlab, Isroilni tanqid qilishning ayrim shakllarini antisemitizm sifatida tasniflar edi. Ammo Mamdani oldingi ma’muriyat tashkil etgan antisemitizmga qarshi kurash idorasini tugatmagan.
The New York Times gazetasining xabar berishicha, Nyu York fuqarolik erkinliklari ittifoqi tashkiloti direktori Donna Liberman bekor qilingan farmoyishlar avvalgi mer qo‘shilmagan nuqtai nazarlarni cheklashga qaratilgan so‘nggi choralar bo‘lib tuyulganini bildirgan. U yangi ma’muriyatning ularni bekor qilish qarori kutilmagan hodisa bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.