Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat AQShdan 30–40–50 yilga mo‘ljallangan xavfsizlik kafolatlarini olish istagini bildirdi. Bu haqda u Yevropaga qaytishi chog‘ida OAV bilan onlayn muloqotda ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlari berish masalasi muhokama qilingan. Amaldagi hujjatlarda 15 yillik muddat nazarda tutilgan bo‘lib, uni uzaytirish imkoniyati mavjud.
«Biz deyarli 15 yildan beri urush holatidamiz. Shu bois kafolatlar ancha uzoq muddatli bo‘lishini istaymiz», — dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 30–50 yillik kafolatlar masalasini ko‘rib chiqishini aytgan.
Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yanvar oyi boshida Parijda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha «qat’iyatli davlatlar koalisiyasi» yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Zelenskiy va Tramp tinchlik muzokaralari doirasida Floridada uchrashgan, suhbatdan so‘ng Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilishini bildirgan.