Ukraina prezidenti urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror Ukraina ishtirokisiz qabul qilinishi mumkin emasligini yana bir bor ta’kidladi hamda muzokaralar “Kiyevning ortida” o‘tkazilmasligi kerakligini aytdi.
"Ukrainadagi urushni qanday tugatish haqida Ukrainasiz qaror qabul qilib bo‘lmaydi. Biz Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika muzokaralariga taklif qilinmadik. Bu biz va boshqalar uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bu ma’lumotni biz ommaviy axborot vositalari orqali oldik", — dedi Ukraina prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “hech qanday tasodif” bo‘lmasligi uchun u Ar-Riyodga rejalashtirilgan tashrifini 10 martga ko‘chirdi va endi AQSh delegasiyasini Kiyevda kutib olmoqchi.
Vladimir Zelenskiy Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Rossiya tomonidan urush boshlanganida qo‘yilgan ultimatum bilan taqqosladi.
"Menda shunday taassurot borki, hozir qandaydir muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda va ular xuddi o‘sha paytdagi kayfiyatda o‘tkazilmoqda, lekin bu safar Rossiya va AQSh vakillari o‘rtasida kechmoqda. Ukraina haqida, lekin Ukrainaning ishtirokisiz. Biz bu kabi ultimatumlarning barchasiga eng qiyin paytda rozi bo‘lmagandik, Ukraina bunga hozir rozi bo‘ladi degan tuyg‘u ularda qayerdan paydo bo‘ldi?", — deya fikr bildirdi Zelenskiy.