Bugun, 28 may kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA)da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifing Ekologiya vazirligi tizimida axborot-kommunikasiya texnologiyalarni joriy etish va kadastrni yuritish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va tizim tashkilotlarida raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlanishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha 200 ga yaqin zamonaviy videokameralar o‘rnatilib, vazirlikning «Situasion markaz»ida doimiy nazorat yo‘lga qo‘yildi. Ekologiyaga oid masalalarni keng yoritish, aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida «Ekologiya portali» axborot tizimi gov.uz.eco – vazirlikning veb-sayti ishga tushirildi. Yangi ekilgan daraxt va butalarni monitoring qilish, noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida «Yashil makon» yagona elektron axborot tizimi — yashilmakon.eco yaratildi.
Shuningdek, ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida idoralararo integrasiyalashgan maxsus platmormalar ishlab chiqildi. Jumladan, maishiy chiqindilar uchun majburiy to‘lovlarni undirishda zamonaviy texnologiyalar ko‘magida ekopay.uz tizimi joriy etildi. Qolaversa, davlat ekologik ekspertizasi jarayonida hujjatlarni elektron qabul qilish, xulosalar berish bo‘yicha eco-service.uz tizimi ishga tushirildi. Atrof-tabiiy muhit davlat monitoringining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi — gis.uznature.uz tizimi yaratildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan tizim integrasiya qilindi.
Chiqindilarni boshqarish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suv muhofaza zonalari, o‘rmon fondi yerlarida noqonuniy qurilmalarni monitoring qilib borish maqsadida «O‘zbekkosmos» agentligi bilan hamkorlikda gis.uzspace.uz platformasi yaratildi. Vazirlik faoliyatining tezkor va shaffofligini ta’minlash, aholi, tadbirkorlik sub’ektlari bilan elektron hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (YAIDXP) 10 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Hozirgi kunda Ekologiya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni utilizasiya qilish joylari davlat kadastrlari yuritib kelinmoqda. Hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlarining hisobi, monitoringi va kadastrini yuritish va ma’lumotlar bazasini shakllantirishda foydalanish uchun yagona klassifikator ishlab chiqildi.
«Bioxilmaxillikni muhofaza qilish bo‘yicha axborotni boshqarish tizimi» – bcims.uznature.uz geoportali yaratildi. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari yagona tizimi – map.geoportal.uz geoportali bilan integrasiya qilindi. Bu borada ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida mutaxassislar zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlandi. Ushbu maxsus platformalardan olingan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portalida doimiy e’lon qilib borilmoqda.
Yo‘qolib ketayotgan dorivor, ozuqabop, texnik, manzarali o‘simliklar, tabiiy yaylovlar va pichanzorlarga oid jami 591 turdagi o‘simliklar bo‘yicha davlat kadastr ob’ektlarining geoaxborot bazasi shakllantirildi. Yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar, o‘rmon xo‘jaligi zararkunanda jonivorlari, tegishli tartibda ovlanadigan hayvonlar va baliqlarga oid jami 250 turdagi hayvonlar mavjud bo‘lgan davlat kadastr ob’ektlarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri bo‘yicha 430 ta ob’ektning, chiqindilarni utilizasiya qilish joylari davlat kadastrining 411 ta ob’ektlari bo‘yicha geoaxborot bazalari yaratildi.
Kelgusida ekologiya sohasida xizmatlarni sifatli olib borish maqsadida:
— «Situasion markaz»i faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi;
— yagona geoaxbarot ma’lumotlar bazasini yuritish, respublikadagi ekologik vaziyatni baholash va prognoz qilish uchun yagona monitoring tizimi ishga tushiriladi;
— vazirlikning mavjud yo‘nalishlarini raqamlashtirishda jami 8 ta axborot tizimlari joriy etiladi;
— elektron hukumatni rivojlantirish maqsadida Vazirlik tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari aholi uchun soddalashtiriladi;
— tizimda mehnat qilayotgan 1000 nafardan ziyod xodimlarning IT sohasidagi bilim va malakalari oshiriladi. 20 nafar xodim xalqaro ta’lim platformalari orqali o‘qitiladi