Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Yo‘q gazga fuqarodan to‘lov talab qilinmoqda, deputat muammoga yechim axtaradi

Yo‘q gazga fuqarodan to‘lov talab qilinmoqda, deputat muammoga yechim axtaradi

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda bo‘lib, sayyor qabul o‘tkazayotgani muammolarni hal etishga ko‘maklashmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har oyning oxirgi o‘n kunligida joylarda aholi bilan muloqot qilib, odamlarning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlari, turmush sharoitlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, Prezidentimiz farmon va qarorlarining mazmun va mohiyatini aholiga yetkazmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Adolat SDP fraksiyasi a’zolari ham ayni kunlarda hududlarda bo‘lib, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazishmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Adolat SDP Matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Dadaxo‘jayeva Andijon viloyatidagi Bo‘taqora qishlog‘i Navro‘z mahallasida saylovchilar bilan uchrashdi. Hududdagi 20 kilometr yo‘lni asfaltlash, T.Sodiqov nomli musiqa maktabini ta’mirlash, 27-, 28-, 29-umumta’lim maktablarini zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan ta’minlash, ichimlik suvi quvurlarini almashtirish kabi aholini qiynayotgan muammolar bo‘yicha qilingan 7 ta murojaatni o‘z nazoratiga oldi.

Yuzma-yuz muloqotda fuqaro Nasibaxon Abdullayeva salomatligi yaxshi emasligi, shifokorlar bir necha oydan beri aniq tashxis qo‘ymayotganligini bildirdi, deydi M.Dadaxo‘jayeva. Uning kam ta’minlangan oila a’zosi ekanligi e’tiborimni tortdi. Tuman tibbiyot birlashmasiga bu masalada deputat so‘rovi bilan chiqdim. Bemorni sog‘lomlashtirish boshlandi. Bundan uning oilasidagilar ham xursand.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev Xorazm viloyati Urganch tumanidagi G‘aybu qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘zlarini tashvishlantirib kelayotgan muammo va kamchiliklar xususida bayon etishdi. Jumladan, Turkmanlar mahallasi fuqarolari tomonidan mahallaning Ola uylik qismidagi ichimlik suvi muammosi, Chorvabozor hududiga kiraverishdagi yo‘l yog‘ingarchilik paytlari yo‘lovchilar uchun muammolar tug‘dirayotgani aytildi. Deputat M.Qurbonboyev mazkur muammolarni o‘rganib tuman hokimiga murojaat etishini bildirdi. Shuningdek, kollej o‘quvchilaridan Davron Qalandarov chorvachilik, Hamid Jumanazarov tuman bozorida kiyim-kechak sotish uchun do‘kon ochish istagi borligini ma’lum qilib, imtiyozli kredit olishda amaliy yordam so‘radi. M.Qurbonboyev bu muammoni hal etishga va’da berdi.

Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni ijobiy hal qilishda O‘zbekiston Adolat SDP partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Sulaymonov o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan amalga oshirib kelmoqda. Uning Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi o‘rganishlari ham amaliy sa’y-harakatlarning davomi bo‘ldi.

Tuman aholisi bilan olib borilgan muloqotlar jarayonida saylovchilarni qiynab kelayotgan bir qator muammolar aniqlandi. Jumladan, Qiyiqi MFYdagi 400 ta xonadon egalarini ichimlik suvi masalasi qiynamoqda. Ular uzoq masofadan suv tashib, iste’mol qilishadi. Mahalla faoli Nurullo Dadaxonov shu haqda aytib o‘tdi. Ayni paytda 5 ta ko‘chaning elektr ta’minoti masalasida ham muammo borligi, ushbu ko‘chalar eski liniyada qolib ketganligi ta’kidlandi. Bu masalalar shu kuni tuman hokimi sektori shtabida o‘tgan yig‘ilishda ko‘rib chiqildi. Unda ishchi guruhlarining faoliyati ham tahlil qilindi.

Ishchi guruhlari qoniqarli ishlamayapti. Muammolar yechimi yuzasidan fuqarolarning murojaatlari to‘la qanoatlantirilmayapti. Uy-joy, moddiy yordam, elektr ta’minoti, suv ta’minoti va boshqa turli yo‘nalishlarda murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning aksariyati hal bo‘ladigan va uni hal qilish kerak. Agar yechimi yo‘q bo‘lsa, sababini tushuntirish zarur, deya ta’kidladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Sulaymonov.

Barcha mutasaddilar tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, tegishli tartibda ishni tashkilashtirishi kerakligi ta’kidlandi. Zarur ko‘rsatmalar berildi.

Deputat Shuhrat Yoqubov ham Namangan shahridagi qator korxona, tashkilot va muassasalarda, mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi. Muloqotlar chog‘ida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ular keltirayotgan samaralar haqida fikr yuritilmoqda. Ayniqsa, Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili Davlat dasturida belgilangan vazifalar ko‘pchilikni qiziqtirayotir.

Muloqotlarda fuqaro Salima Karimova shahar gaz ta’minoti korxonasi aholiga xizmat ko‘rsatishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklar haqida so‘zladi. Ma’lum bo‘lishicha, u yashaydigan xonadonda anchadan beri tabiiy gaz yo‘q. Ammo gazchilar yetkazib berilmagan zangori olov uchun to‘lov talab qilmoqda. Hozirgacha muammoning yechimi topilmagan.

Fuqaro Dilshod Karimqulov esa Majburiy ijro byurosi shahar bo‘limi va Davlat soliq inspeksiyasi o‘rtasida uzviy hamkorlik o‘rnatish lozimligini aytdi. Chunki qarzi yo‘q xonadonlarga ham sud orqali to‘lovni amalga oshirish haqida xatlar kelmoqda. Fuqarolar esa qarzlari yo‘qligini isbotlash uchun Davlat soliq inspeksiyasiga borishmoqda. Qancha vaqti va asabni boy berib, o‘zlarining haq ekanliklarini isbotlashmoqda.

Sardoba mahallasidagi Nuroniy jamg‘armasi faollaridan biri Ahmadjon aka Mamadaliyevning aytishicha, bunday muammolar sonini keskin kamaytirish mumkin. Faqat buning uchun mahalliy Kengashlarning deputatlari faollik ko‘rsatishlari lozim. Saylovchilar oxirgi marta ular bilan qachon uchrashganini eslay ham olmaydi. Ana shu deputatlar aholi o‘rtasida ko‘proq bo‘lganlarida, muammolarni o‘rganganlarida va yechimini topish haqida bosh qotirganlarida shunday bo‘lmasdi. Bu gapda jon bor.

Deputatlarning aholi bilan bunday yuzma-yuz muloqotlari boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda.

Kiritildi: 09:48 11.02.2019. O'qildi: 1679 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!