Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda ma’muriy jarimalarni undirish yuzasidan tungi qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazayotir.
Tadbirlar davomida ma’muriy jarimalarni belgilangan muddatda to‘lamagan fuqarolar zamonaviy texnologiyalar yordamida aniqlanmoqda.
Ushbu jarayon boshlanganidan beri 341 ming 839 ma’muriy jarima bo‘yicha 121,3 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik undirilgan. Jarimani to‘lashdan bosh tortgan qarzdorlarga tegishli bo‘lgan 1 ming 401 avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
O‘tkazilayotgan tungi reyd tadbirlarining bir kunida 1,1 milliard so‘mlik, 3,6 mingdan ziyod ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlangan. 17 nafar qarzdorligi mavjud, biroq o‘z muddatida uni bartaraf etmagan shaxslarning avtotransport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi.
Qidiruvda bo‘lgan transport vositalari ham aniqlanmoqda. Misol uchun, “Spark” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilganda, qarzdor fuqaro U.S.dan yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun jami 3 million 675 ming so‘mlik qarzdorligi bartaraf etilmagani hamda avtotransport vositasiga qidiruv e’lon qilingani aniqlandi. Tadbir davomida unga tegishli avtotransport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.