Joriy yilning 7-11 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Lochin” oromgohida “Yoshlar turizmi” II xalqaro hamda ilk marotaba “Yosh ekologlar” harakati qurultoylari o‘tkazildi.
E’tiborlisi, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya va boshqa bir qator davlatlarning yetakchi nashrlarida Qashqadaryoda o‘tkazilgan tadbirlar haqida maqola va materiallar e’lon qilindi. O‘zbekistondagi mahalliy ommaviy axborot vositalarida esa 50 ga yaqin targ‘ibot materiallari yoritildi va efirga uzatildi.
Xalqaro qurultoyda yurtimizning har bir hududidan 50 dan ortiq iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi va talaba yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiya kabi davlatlardan ham yoshlar taklif qilindi.
Besh kun davomida ishtirokchilar ajoyib va betakror muhit ichida qamrab olindi. Qurultoy doirasida yoshlar tanlovlar, taqdimotlar, turli xil aksiyalar, ijodiy loyihalar hamda sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari kabi bir qator tadbirlarga guvoh bo‘lishdi.
Qurultoylar doirasida Yosh turizm elchilari va “Yosh ekologlar” harakati Respublika Kengashlariga saylovlar o‘tkazilib, eng faol yoshlar saralanib olindi.
Yosh turizm elchilari Kengashi raisi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Dinora Kallibekova, Kengash raisining birinchi o‘rinbosari Toshkent viloyatidan Islombek Karimov, Kengashi raisi o‘rinbosari Toshkent shahridan Komiljon Suyarovlar tanlandi.
“Yosh ekologlar” harakati Respublika Kengashi raisi etib, Toshkent shahridan Mo‘tabar Xushvaqtova, Kengash raisining birinchi o‘rinbosari Toshkent viloyatidan Ixtiyor Maxmudov, Kengash raisining o‘rinbosari Toshkent viloyatidan Muhammaddiyor Mirsultonovlar saylandilar.
Mazkur Kengashlar a’zolarining 2023-2024 yiillar davomidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tilanib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Turizm qo‘mitasi tomonidan ularga kelgusida yirik loyihalarni amalga oshirishda zaruriy sharoitlar yaratib berilishi qayd etildi.
Tadbirlar yakunida Shahrisabz tumanidagi "Lochin" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida qurultoy tadbirlarining tantanali yopilish marosimi tashkil etildi.
Marosimda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduxakimovning “Yoshlar turizmi” va “Yosh ekologlar” harakati qurultoylari ishtirokchilariga tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi.