Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Yashasin, yaxshilik!

Yashasin, yaxshilik!

Ko‘rinib turgan odamning yaxshiligini bilmagan, g‘oyibdagi Allohning yaxshiligini qaydan bilsin?
Hadisdan.

Bu mavzuda yozishga anchagacha jur’at qilolmadim. Keyin yaxshilikni yoritish kerak degan xulosaga keldim, toki boshqalarga ham ibrat bo‘lsin.

Mirzo Ulug‘bek tumani Toshkent shahrining sanoati, madaniyati, umuman salohiyati, ko‘zga ko‘ringan tumanlaridan biri hisoblanadi. Xalq ta’limi bo‘limiga bundan ikki yillar oldin yangi mudir saylandi. Qarashlaridan nur, so‘zlaridan sehr, vujudidan g‘ayrat yog‘ilib turgan bu dilbar ayolni ko‘rib mahliyo bo‘lib qolgan bo‘lsam, u kishining notiqlik qobiliyatlarini ko‘rib  lol bo‘lib qolganman.

Esimda rahbarlik lavozimidagi ilk majlisni ham oddiy o‘qituvchilar bilan o‘tkazgan, qalbimizga bir olam umid olib kirgan edilar.

Majlis tugab uyga qaytyapmiz-u shunaqa rahbarlar ham bo‘lar ekan-da, deb bir- birimizga gap bermay kelyapmiz.

Zamon shiddatli, talablar ham tezkor...Qiziq, bir xil talabni ikki xil aytsa ham bo‘lar ekanda. Erkalab, kelajakka ishontirib, do‘q- po‘pisasiz...

Keyin - keyin yangi mudir  boshchiligida Mirzo Ulug‘bek tuman XTB tomonidan bir- biridan ajoyib g‘oyalar, loyihalar hayotga tatbiq etila boshlandi, shulardan biri- "Allomalar haftaligi“ni tashkil etish g‘oyasi edi. Har hafta bitta buyuk allomaga bag‘ishlanadi. Darslarda o‘quvchilarga buyuk allomaning asarlari, hayot yo‘li singdiriladi.

O‘zbek — dunyoga daholar hadya etgan yurt, buyuk allomalarning asarlari esa — durdona. Asta-sekin bu loyiha o‘z natijasini bera boshladi. Tasavvur qiling, farzandlaringiz har hafta bir buyuk alloma asarlarini o‘qib-o‘rgansa, ustozlar esa izlansa, o‘z ustida ishlasa...

O‘zim uchun eng yoqimlisini aytmabmanku?
2019-yil oktyabr oyida Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiyati va Mirzo Ulug‘bek tuman XTB tashabbusi va homiyligida "O‘z kasbining mohir ustasi" tanlovi tashkil etildi. Tanlovning o‘zidan ham taqdirlash marosimi go‘zal bo‘di. Satira teatrining binosi o‘qituvchilar bilan liq to‘la, saxovatresha Mirzo Ulug‘bek tuman hokimiyati tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alar sahnani to‘ldirgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, yuzlab ustozlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi (elektr go‘shtqiymalagichlar, sok chiqaruvchi moslamalar, dazmollar, elektr chovgumlar...).

3-o‘rin g‘olibiga qimmatbaho telefon, 2-o‘rin g‘olibiga televizor, 1- o‘rin sohibi — kaminaga esa so‘nggi rusumdagi noutbuk kompyuteri sovg‘a qilindi.

30 yillik ustozlik faoliyatimda faxriy yorliqdan boshqa sovg‘a ko‘rmagan mendek oddiy o‘qituvchi  uchun bu — oliy mukofot edi. Uyga kelganimda ham hayajondan qaltirar edim.

Bu maqolani esa mana oradan 2 oy o‘tib yozishga jazm etdim, hayajonlarim bosilgach...

Alisher Navoiy bobomizning shunday misralari bor:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borki, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.

Ma’nosi o‘zingiz tushunganingizdek, bir insonni xursand qilish, buzilgan Ka’bani tiklashga tenglashtirilmoqda.

Aziz, Yaxshigul Nasimovna, barchasi uchun tashakkur! Sezasizmi, yo‘qmi, har safar meni ko‘rganingizda “Opa, men sizga ishonaman,“ deysiz. Bu menga kuch, ilhom bag‘ishlaydi.

Biz ham sizga ishonamiz, yaxshi ishlar qilishdan charchamang, buyuk allomalarimizning ruhi sizni qo‘llasin!

Hurmat bilan,
Feruza Salxodjayeva
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-maktab o‘qituvchisi

Kiritildi: 16:00 06.02.2020. O'qildi: 3159 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!